Yo‘l qurilishidagi muhim vazifalar ko‘rsatib o‘tildi

    Hukumat 16 Oktabr 2024 2682

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni yo‘l xo‘jaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

    Avtomobil yo‘llari – iqtisodiyotning “qon tomiri”. Shu bois mamlakatimizda bu sohaga alohida e’tibor qaratilib, ish ko‘lami va sifati oshirib borilmoqda. Xususan, ilgari, 2009-2016-yillarda 9 trillion so‘m evaziga ming kilometrdan ko‘proq yo‘l qurilgan va 20 ming kilometr ta’mirlangan bo‘lsa, so‘nggi sakkiz yilda bu ko‘rsatkichlar 6 barobargacha o‘sgan. Ya’ni, sohaga 58 trillion so‘m ajratilib, 2 ming kilometr yo‘l barpo etilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi qaroriga muvofiq, yo‘l xo‘jaligi tizimi yanada takomillashtirildi. Xususan, loyihalash, qurish, ekspluatatsiya uchun mas’ullar aniq belgilab qo‘yildi, buyurtmachi va pudratchi funksiyalari bir-biridan ajratildi.

    Yo‘llarni ilmga asoslanib, zamonaviy yondashuvlar asosida qurishga e’tibor kuchaydi. Masalan, loyiha hujjatlarining namunaviy andozalaridan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatidan kelib chiqish usuliga o‘tildi. 1 ming 700 ta maxsus texnika xarid qilinib, yo‘l xo‘jaligi korxonalarining ta’minot darajasi oshirildi. Yangi turdagi asfalt-beton, sement-beton qoplamalar joriy etildi.

    Natijada sifat ham o‘zgarayapti. Yangi qurilgan yo‘llarning ekspluatatsiya muddati 15-20 yil bo‘ladi. Ularning holati 42 turdagi ko‘rsatkich bo‘yicha tekshirib boriladi. Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan olib kelingan texnikalar yo‘lning fizik xossalarini baholash hamda yer ostidan o‘tgan kommunikatsiya tarmoqlari holatini qoplamani buzmagan holda tekshirish imkonini beradi.

    Ko‘chalardagi obodlik “Yashil makon” dasturining, umuman, madaniyatimizning bir qismi. Har mavsum ularning ikki chetida ko‘chatlar ekilmoqda. Shuningdek, daraxtlarni parvarishlash uchun yo‘llar bo‘yidagi yer maydonlarini ijaraga berish joriy etildi.

    Taqdimotda sohadagi loyihalar va rejalar haqida axborot berildi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotining kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda “Qo‘ng‘irot-Beynau” yo‘nalishidagi 240 kilometr yo‘l foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Guliston – Andijon, Dushanbe – Termiz, Buxoro – Turkmanboshi, Urganch – Hazorasp yo‘llarining muayyan qismlari qayta quriladi.

    Sohaga xususiy sektor vakillari ham keng jalb qilinmoqda. Hududlardagi jami 260 kilometr yo‘llarning ekspluatatsiyasi autsorsing asosida tadbirkorlarga berildi. Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida 841 kilometr yo‘l qurilishida ilk bor to‘liq mahalliy pudratchilar qatnashishiga kelishildi.

    Davlatimiz rahbari sohadagi muhim vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

    – O‘zbekistonning geografik joylashuvini e’tiborga olsak, tashqi savdoda xalqaro yo‘llarning ahamiyati juda katta. Shu bois Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Termiz bilan Toshkentni bog‘laydigan jami 4 ming kilometrlik xalqaro yo‘llarimiz eng yuqori talablarga javob berishi shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon oralig‘idagi pulli yo‘l loyihalarini jadallashtirish, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligi qayd etildi. Bunday hollarda muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi alohida qonun bilan belgilanadi.

    Bugungi kunda 4 ming 700 ta ko‘prik ta’mirtalab holatda. Uch yillik dastur ishlab chiqib, ularni bosqichma-bosqich ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.

    Hududlarda yo‘l bo‘yi infratuzilmasi rivojlantirilib, savdo va xizmatlar tashkil qilinmoqda. Taqdimotda aytilganidek, bunga qo‘shimcha qariyb 4 ming kilometrlik xalqaro avtomagistrallarda 70 ta servis majmuasi barpo etiladi.

    Yo‘l va suv tarmoqlari kabi infratuzilmaviy loyihalarda xalqaro moliya institutlari bilan yaqindan ishlash, xorijiy konsultantlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.