Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan:
- avtomobil yo‘llarida bajariladigan ish turlari qurish va rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda saqlashdan iborat bo‘ladi;
- loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yo‘l-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini nazarda tutadigan tizim (“hajm uslubi”) joriy etiladi;
- avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan obyektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi;
- yilning harorat yuqori bo‘lgan vaqtlarida avtomobil yo‘llarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoyezd (tirkama)larning (maxsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar o‘rnatiladi.
Xalqaro ahamiyatdagi M39 “Toshkent – Termiz” avtomobil yo‘lining “Toshkent – Chinoz” yo‘nalishidagi 817 – 827 km qismini ilg‘or xorijiy texnologiyalar va zamonaviy xalqaro standartlar asosida sement-beton qoplama qurgan holda rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshiriladi.
2025-yil 1-yanvardan yangidan boshlanadigan yo‘l-qurilish obyektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi.
2023-yil 31-dekabrgacha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va sun’iy inshootlarni loyihalashtirish (shu jumladan, texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish), qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-qidiruv hamda qurilish-pudrat tashkilotlarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida baholash mezonlari takomillashtiriladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida yashil hududlarni barpo etish doirasida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” davlat muassasasining hududiy bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi.
2024-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 km.gacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:
- “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri va uning hududiy filiallari;
- “Avtomobil yo‘llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” davlat muassasasi.
2024-yildan xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun budjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratiladi.