Qoʻmitaning munosabatida taʼkidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarda yoʻl ishlarini amalga oshirish uchun 2021-yil va 2022-yilning I yarim yilligida Jamgʻarma tomonidan jami 13,3 trln soʻm ajratilganligi bayon etilgan boʻlsa-da, 34,5 trln soʻmlik mablagʻlar samarasiz va noqonuniy sarflangan deb koʻrsatilishi mantiqan notoʻgʻri.
Qoʻmitaning matbuot xizmati tomonidan olib borilgan tushuntirishlardan soʻng ayrim saytlardagi maʼlumotlarga oʻzgartirishlar kiritilib, “34,5 trln soʻm” jumlasi “34,5 mlrd soʻm” jumlasiga oʻzgartirildi.
Oʻz navbatida, ushbu 34,5 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlarning samarsiz ishlatilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritilib, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasidan maʼlumotlar olindi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 34,5 mlrd soʻmdan 12,1 mlrd soʻm (36%) qismi respublika yoʻl xoʻjaligi tizimiga taalluqli boʻlmagan korxonalar va obyektlarga tegishlidir.
Qolgan 22,4 mlrd soʻm mablagʻning 15,8 mlrd soʻm (71%) qismi oʻz tasdigʻini topmadi.
Qolgan 6,6 mlrd soʻm miqdoridagi yoʻl ishlarini bajarish bilan bogʻliq aniqlangan kamchiliklar tekshiruv jarayonida toʻliq bartaraf etilgan hamda tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, aniqlangan kamchiliklar orasida Jamgʻarma mablagʻlarini talon-taroj qilish holatlari aniqlanmagan.