Toshkent viloyati IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda asosiy eʼtibor joylardagi avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlash, haydovchilar va piyodalarning belgilangan qoidalarga amal qilishini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarning natijalariga qaratildi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va keng jamoatchilikka tizimdagi yangiliklar, tezkor xabarlarni yetkazish lozimligi alohida taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, deyarli har kuni yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlishi tufayli haydovchi va piyodalarning turli darajada jarohat olishi, achinarlisi, oʻlim holatlari ham uchramoqda.

Viloyat hududidagi asosiy avtomobil yoʻllari atrofida 156 ta umumtaʼlim maktablari joylashgan. Ularga yoʻl-patrul xizmati xodimlari harakat xavfsizligini taʼminlash uchun biriktirilgan. Qolgan taʼlim maskanlarida esa oʻqituvchilar masʼul etilgan. Biroq oxirgi paytlarda ota-onalar tomonidan farzandlarining koʻchada harakatlanish borasida tushuntirishlar berishga eʼtibor qaratilmayapti.

Shuni eʼtiborga olib, oila, taʼlim muassasalari va mehnat jamoalarida mazkur yoʻnalishdagi profilaktik-targʻibot ishlarni olib borish muhim ahamiyatga ega.

2021-yilda 498 mingta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlanib, ularning 186 mingtasi bevosita yoʻl-transport hodisalarga sabab boʻluvchi qoʻpol qoidabuzarlik hisoblanadi. Shundan 5 ming 888 tasi esa mast holda avtotransport vositalarini boshqarish bilan bogʻliq.

Joriy yilda bu kabi salbiy holatlarni kamaytirish, aholi oʻrtasida samarali targʻibot ishlarini olib borish lozimligi aytib oʻtildi.Tadbir soʻngida viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan hududdagi turli tashkilotlar, tuman-shahar hokimliklarida faoliyat yuritayotgan axborot xizmati rahbarlariga attestatsiyadan oʻtganlik haqida guvohnomalar tarqatildi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri