Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 56-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Loyihaga koʻra, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majbur sugʻurta qilish qoidalarning 2-bandida Yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma tushunchasiga taʼrif berilmoqda.
Qoidalarning 11, 34, 341 37 va 38-bandlari yoʻl-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirishga oid qoidalar bilan toʻldirilmoqda.
Shuningdek, yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma blankasi namunasi qoidalarga 7-ilova boʻlib kiritilmoqda.
Yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnomani (Yevroprotokol) amaliyotga joriy etilishi munosabati bilan birinchi navbatda yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari va haydovchilar oʻrtasidagi bevosita muloqotni amalga oshirishda “inson omili”ga va ortiqcha qogʻozbozlikka chek qoʻyiladi va fuqarolarning ortiqcha sarsongarchiliklar oldi olinadi.
Har bir sodir etilgan yoʻl-transport hodisasini rasmiylashtirish uchun yoʻl-patrul xizmati inspektorlarining vaqti ham tejaladi.
https://regulation.gov.uz/uz/document/22922 havolasi orqali hujjat bilan atroflicha tanishish va muhokamada ishtirok etish mumkin, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.