Yoʻlda pichoqlangan shaxsning hayoti saqlab qolindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda yoʻlda turgan odam pichoqlangani haqidagi xabar tarqaldi. Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati holat yuzasidan dastlabki maʼlumotlarni maʼlum qildi.

    Joriy yilning 21-may kuni, 2006-y.t. Margʻilon shaharda yashovchi fuqaro S.T. shaharning B.Margʻiloniy koʻchasida Yangi bogʻi MFY da yashovchi 2000-y.t fuqaro A.A.ni oʻtkir tigʻli jism bilan oʻng orqa va yuz sohasiga urib, hayot uchun xavfli boʻlgan tan jarohati yetkazgan.

    Fuqaro A.A. hodisa joyidan qochib ketishi natijasida, S.T. jinoiy harakatlarini oxiriga yetkaza olmasdan, hodisa joyidan nomaʼlum tomonga yashiringan.

    Shifokorlar tomonidan oʻz vaqtida koʻrsatilgan tibbiy muolajalar natijasida A.A.ning hayoti saqlanib qolingan.

    Hozirda shahar prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan JKning 25,97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi S.T. JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

    Margʻilon shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.