Yoʻllar boʻyida joylashgan maktablar oldida maxsus foto-video qayd etish vositalari oʻrnatiladi

    Dolzarb 20 Noyabr 2023 1956

    Prezident Farmoni (PF-197-son, 20.11.2023-y.) bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Unga koʻra, “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–136-son Farmonining 1-bandida nazarda tutilgan quyidagilar 2024-yil 1-yanvardan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga (maxsus va harbiy unvonga ega boʻlgan xodim hamda harbiy xizmatchilardan tashqari) nisbatan ham tatbiq etiladi:

    oylik lavozim maoshlari:

    • oliy va birinchi malaka toifalariga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 15 foizga;
    • ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan va toifaga ega boʻlmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 10 foizga;
    • tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun — 15 foizga oshiriladi.

    Shuningdek, “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–190-son qaroriga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, yoʻllar boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida hamda yoʻl-transport hodisalar oʻchoqlarida belgilangan tezlikni oshirish, piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi kabi qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus foto-video qayd etish vositalari oʻrnatiladi.