Yoʻl harakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan ushbu choralarga nisbatan jamoatchilik tomonidan turli nuqtayi nazarlar bildirilmoqda. Bunda fuqarolarning fikrlarini umumlashtirgan holda ularni ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruh tomonidan mazkur choralar soʻzsiz yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, eng muhimi, byudjet xarajatlarining optimallashishi va ijobiy haydovchilik madaniyatini shakllanishiga sabab boʻlishini taʼkidlasalar, ikkinchi guruh tomonidan ayrim hollarda zarur yoʻl infratuzilmasining mavjud emasligi bois yoki zarurat yuzasidan qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilishi va buning uchun jarimaga tortish adolatsizlik ekanligini bildirishmoqda.

Aytish joizki, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda xususiy sektorning jalb etilishi orqali soliq toʻlovchilar hisobidan kuzatuv vositalarini xarid qilish, oʻrnatish va saqlash xarajatlari qisqartirilib, bu boradagi davlat xizmatchilarining soni va faoliyatini optimallashtirish imkonini beradi. Shuningdek, qoidabuzarliklarning avtomatik ravishda qayd etilishi turli korrupsiyaviy holatlarga barham bergan holda ular sonining keskin qisqarishiga olib keladi. Eng muhimi, jamiyatda xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olish va unga qarshi kurashishda samarali tizim shakllanadi. Shu oʻrinda 2020-yil davomida respublikada 6 982 ta yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlgani, oqibatda 1 962 nafar inson vafot etganligini qayd etish lozim.

Shu bilan birgalikda, “Yuksalish” umummilliy harakatiga fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili bu borada asosli eʼtirozlar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Jumladan, yoʻl infratuzilmasining talab darajasida emasligi haydovchilar tomonidan noixtiyoriy ravishda qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilishiga sabab boʻlyapti, shuningdek, aholi gavjum nuqtalar, bozorlar va savdo komplekslari atrofida avtoturargohlarning mavjud emasligi yoki yetarli emasligi hamda mavjud pullik avtoturargohlarga belgilangan narxlarning yuqoriligi toʻxtash va toʻxtab turish qoidalarining buzilishiga olib kelyapti.

“Yuksalish” umummilliy harakati ishlab chiqilgan qonun hujjatlari tahlili hamda jamoatchilik fikriga tayangan holda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish va zarur hollarda qonun hujjatlarida nazarda tutish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

- maxsus kuzatuv moslamalari oʻrnatilishi koʻzda tutilgan nuqtalar qaysi mezonlar (qoidabuzarliklar soni, qatnov hajmi va h.k.) asosida belgilanishini eʼlon qilish;

- maxsus kuzatuv moslamalari oʻrnatilishi koʻzda tutilgan nuqtalarda yoʻl belgilari va infratuzilmasini talab darajada boʻlishini taʼminlash;

- bozorlar va yirik savdo komplekslari, shuningdek, aholi gavjum joylar atrofida yetarli miqdorda avtoturargohlar boʻlishini nazarda tutish hamda ularga belgilangan narxlarni nazoratga olish;

- favqulodda vaziyatlarda (tez tibbiy yordam mashinalariga yoʻl berish) roʻy berishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklarni inobatga olish;

- avtomatlashtirilgan tizim yordamida aniqlangan qoidabuzarliklar natijasida undirilgan jarimalarning yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qismi aynan nima maqsadlarga sarflanayotganligini jamoatchilikka eʼlon qilib borish.

“Yuksalish” umummilliy harakati koʻzda tutilgan yangi tartib faqatgina yoʻl harakati standartlari talablariga toʻliq javob beruvchi nuqtalarda joriy qilinishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, mazkur tartibni joriy qilish borasida keng jamoatchilikka tushuntirish berish va faol muloqot olib borish ham foydadan xoli emas.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati