Yoʻlning oʻrtasida rasmga tushgan talabalarga chora koʻrildi

    Ijtimoiy hayot 5 Iyun 2025 808

    Maʼlumotlarga koʻra, ushbu holat Yunusobod tumanida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari ishtirokida sodir boʻlgan.

    Millar dasturida aytilishicha, Yunusobod tumanidagi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchi talabalari piyodalar yoʻlagiga chiqib, fotosessiya qilgan.

    Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan harakat qoidalarini buzgan talabalarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 138-moddasi, yaʼni piyodalar va yoʻl harakati boshqa ishtirokchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ular bilan profilaktik suhbatlar amalga oshirilgan.

    Bundan tashqari, ushbu tadbirdan soʻng universitet atrofida toʻxtash va toʻxtab turish qoidalarini buzib, sunʼiy tirbandliklarga sabab boʻlayotgan haydovchilarga nisbatan reyd tadbirlari oʻtkazilgan va tegishli tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.