Bu haqda IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, Hodisa “Beruniy–Baday” bekatlari oʻrtasidagi 592-km, 6-toʻsiqdagi qoʻriqlanmaydigan temir yoʻl kesishmasida roʻy berdi. Davlat raqami 80 200 ABA boʻlgan “CHANGAN” rusumli yuk avtomashinasi temir yoʻl kesishmasidan oʻtib ketayotgan paytda, uning tirkamasiga poyezd teplovozi urilgan. Oqibatda teplovozning oldgi gʻildirak juftliklari temir yoʻl izidan chiqqan.
Qoʻngʻirot lokomotiv deposining 101-sonli teplovozi yordamida harakatlanayotgan poyezd tarkibida 8 ta vagon va 150 nafar yoʻlovchi boʻlgan.
Xabarda aytilishicha, hodisa oqibatida yoʻlovchilar orasida jabrlanish yoki tan jarohati olish holatlari kuzatilmagan. Barcha yoʻlovchilar avtobuslarga joylashtirilib, manzillariga yetkazilgan.
Soat 17:29 da texnik nosozlik bartaraf etilib, poyezd “Beruniy” stansiyasiga oʻz yoʻnalishida harakatlanishni davom ettirgan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan tegishli tergovga oid surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








