Kishi salomatligidagi oʻzgarishlarga gʻam-tashvishlar, xafagarchilik, alamzadalik, qoʻrquv kabi psixologik omillar sabab boʻlishi mumkin. Ushbu holat, yaʼni psixosomatika toʻgʻrisidagi savollarga “Asab va ruhiyat” tibbiy-psixologik yordam markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullayev javob beradi.

— Ilm-fan kasallik ruhiy holatga bogʻliqligiga nima deydi?

— Ilm-fan psixologik holatning inson tanasiga taʼsirini inkor etmaydi. Aksariyat hollarda hissiyotlarimiz, oʻy-xayollarimiz turli xastaliklarga turtki boʻlishi mumkin. Masalan, muhim yigʻilish oldidan koʻpchilik qattiq hayajonlanadi. Ayniqsa, yigʻilishda nutq soʻzlash kerak boʻlsa yoki loyiha taqdimoti reja qilinsa, his-hayajon ikki karra ortadi.

Bunday paytda kishi beixtiyor “Gapira olmasamchi?”, “Uddalay olmasamchi?..”, deya xavotirga tushadi. Natijada ongosti sanab oʻtilgan holatlardan birini tanlaydi va unga mos ravishda bezovtaliklarni paydo qiladi.

Misol uchun, oʻz-oʻzidan tomoq ogʻrib qolishi mumkin yoki allergiya, husnbuzar toshishi kuzatiladi. Avvalgi kunlarda soppa-sogʻ yurgan odam nima sababdan oʻzini yomon his etishi mumkin, sizning-cha? Psixosomatika ushbu hodisani oʻy-xayollar taʼsirida yuzaga kelgan deydi.

— Kishining xastalikka chalinishi uning oʻy-xayollari bilan ham bogʻliqmi?

— Shifokorlar psixik ogʻirlik qandli diabet, bronxial astma va yana bir qancha kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin, deb hisoblashadi. Shuningdek, odam oʻziga-oʻzi xastalikni toʻqib chiqarishi ham ehtimoldan holi emas. Baʼzan bu haqiqiy kasallikka olib keladi.

Deylik, bosh ogʻrigʻidan aziyat chekayotgan odam ogʻriqsizlantiruvchi dorilardan foydalansada, oʻzicha jiddiy patologiyalarni taxmin qiladi: “boshimda oʻsma bor boʻlsa kerak”, deb xavotirlanadi.

Har safar u shu haqda oʻylaganida ongosti axborotni maʼqullaydi. Koʻp oʻtmay, haqiqatan ham, jiddiy bezovtalik kelib chiqishi mumkin. Toʻgʻri, tibbiyotda oʻsma kasalliklari tamoman boshqa sabablar bilan yuzaga keladi. Ammo psixosomatika mutaxassislari ushbu hodisani inson oʻy-fikrlari bilan bogʻlashadi.

Shuning uchun ham doimo shifokorlar bemorlarga yaxshi narsalarni oʻylash, kayfiyatni koʻtarishni tavsiya etadi. Professor Z. Ibodullayev bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.