Yongʻin sodir etganlarga qatʼiy jazo choralari koʻriladi

    Joriy yilning 7-mart kuni Sirdaryo tumanining “Sholikor” SIU hududidagi “Qolgansir“ davlat oʻrmon ov xoʻjaligi maydonida yongʻin sodir boʻlgan edi.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi va tegishli mutasaddi tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, oʻrganish ishlari olib borildi.

    Oʻrganish davomida “Qolgansir“ davlat oʻrmon ov xoʻjaligiga qarashli jami 10 gektar yer maydoni yongani maʼlum boʻldi. Shundan 2 gektar yer maydonidagi mavjud manzarali daraxtlar tegishli tartibda xatlovdan oʻtkazilib, jami 4 turdagi 294 dona manzarali daraxtlar oʻsishdan toʻxtash, 4 turdagi 217 dona manzarali daraxtlar esa oʻsishdan toʻxtamaydigan darajada shikastlanganligi aniqlandi. Oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblanganda 494 million 940 ming soʻmni tashkil etdi.

    Yongʻinning kelib chiqishiga “Sholikor“ va “Sindorobod" SIU hududida faoliyat olib boruvchi 35 nafar fermer va dehqon xoʻjaliklari tomonidan sholidan boʻshagan yer maydonidagi oʻsimlik qoldiqlarining yoqib yuborilganligi sabab boʻlgan va buning natijasida jami 311,7 gektar dala yer maydoni yongan.

    Yongʻin oqibatida yerning unumdor qatlamidagi ball boniteti pasayishiga sabab boʻlgan holatlar boʻyicha dastlabki hisob-kitoblar qilinib, 295 million 627 ming soʻm zarar miqdori belgilandi.

    Yuqoridagi holatlar boʻyicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda.

    Holat yuzasidan qoʻshimcha axborot berilishi maʼlum qilinadi, deyiladi Tabiat resursalri vazirligi axborot xizmati xabarida.