баннер
29 Mar 2025
13:19

    Yongʻin xavfsizligi xodimi sifatida noqonuniy pul undirayotgan firibgarlardan ogoh boʻling

    Xavfsizlik 25 Dekabr 2021 2330

    Soʻnggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanishida aholi orasida, ayniqsa tumanlarda maxsus-formali kiyim-bosh kiyib yurgan yoki shu kiyimga juda oʻxshash kiyimdagi shaxslar oʻzlarini “davlat yongʻin nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib fuqarolardan yillik 20 000-40 000 soʻm atrofida majburiy tarzda soliq yoki kommunal toʻlov sifatida noqonuniy yigʻish holatlari kuzatilmoqda.

    Yuqoridagi masalalar boʻyicha kelib tushgan murojaatlar oʻrganilganda, ushbu harakatlar turli xil shaklda tashkil etilgan, asosan nomida “yongʻin”, “olov”, “qarshi kurash”, “xavfsizlik”, “himoya” kabi soʻzlardan iborat boʻlgan va yongʻinning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat boʻyicha Adliya vazirligi ayrim shaxslar tomonidan oʻzlarini “davlat yongʻin nazorati organlari xodimi” sifatida tanishtirgan holda yolgʻon maʼlumotlar asosida fuqarolardan majburiy toʻlov toʻlanishini talab etishi noqonuniyligini maʼlum qiladi.

    Eslatib oʻtish joizki, fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni belgilangan tartibda toʻlab borishi lozim:

    Sovuq suv taʼminoti;

    Isitish va issiq suv taʼminoti (koʻp qavatli uylarda);

    Elektr taʼminoti;

    Gaz taʼminoti;

    Kanalizatsiya (isteʼmolchi ulangan boʻlsa);

    Shu oʻrinda takroran maʼlum qilinadiki, yongʻin va uning oldini olish bilan bogʻliq biron bir toʻlab borilishi shart boʻlgan kommunal toʻlov yoki soliq qonunchilikda mavjud emas.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning (https://www.lex.uz/docs/97664) 209¹-moddasiga koʻra formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega boʻlmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik belgilanganligini eslatamiz.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech