Qarorga koʻra, 2023-yil 1-sentyabrdan muntazam ravishda “Yongʻindan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilib, unda jumladan quyidagilar nazarda tutiladi:

  • taʼlim tashkilotlarida yongʻinlarning oldini olish va yongʻin sodir boʻlgan vaziyatda harakat qilish boʻyicha batafsil uslubiy mashgʻulotlar oʻtkazish;
  • davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yongʻin xavfsizligi boʻyicha oʻqitishni tashkil etish;
  • jamoat joylarida, taʼlim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida oʻt oʻchirish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish.

2024-yildan umummilliy kampaniya doirasida har bir hududda tadbirkorlar oʻrtasida “Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovi oʻtkaziladi.

Mazkur tanlov gʻolibiga 100 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi hamda uning faoliyati 2 yil davomida davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.

2024-yil 1-yanvardan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yongʻin auditi) joriy etiladi.

2023-yil 1-sentyabrdan Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yongʻin nazorati organlariga quyidagi vakolatlar beriladi:

  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan obyektlarda:

bir yilda koʻpi bilan bir martadan batafsil (dastlabki) tekshiruv va nazorat tekshiruvini oʻtkazish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalardan olingan maʼlumotlar asosida tezkor tekshiruvlar oʻtkazish;

  • bir vaqtning oʻzida 50 nafardan koʻp odam toʻplanadigan obyektlarda (bozorlar, savdo-koʻngilochar majmualari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqalar) davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish.

2023-yil 1-noyabrdan davlat yongʻin nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish obyektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

Bunda davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan xulosa berish muddati 7 kun etib belgilanadi.

2024-yil 1-yanvardan bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlarni yongʻin hamda boshqa xatarlardan, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining mulkini yongʻin va tabiiy ofat oqibatida yetkaziladigan zarardan himoya qilish maqsadida, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligini majburiy sugʻurtalash tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, 2023-yil 1-noyabrgacha tekshiruvlar jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish va tezkor axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish hisobidan davlat yongʻin nazorati inspektorlarining faoliyatini takomillashtirish imkonini beruvchi “E-inspektor” apparat-dasturiy majmuasi joriy etiladi.