Yonhap: Janubiy Koreya prezidenti impichmenti bo'yicha Konstitutsiyaviy sudning ilk majlisi 27-dekabrda o'tkaziladi

    Koreya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 27-dekabr kuni prezident Yun Sok Yolning impichmenti bo'yicha dastlabki sud majlisini o'tkazishi kerak.

    Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

    Dushanba kuni tashkiliy masalalar muhokamasiga bag'ishlangan birinchi sud majlisi bo'lib o'tdi. Konstitutsiyaviy sud boshqa impichment ishlari qatorida Yun Sok Yolning ishini ustuvor masala sifatida ko'rib chiqishini aytdi. Avvalroq adliya vaziri va bir qator yuqori lavozimli amaldorlarga nisbatan impichment e'lon qilingan edi. 27-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da boshlanishi rejalashtirilgan yig'ilishda prezident ishtirok etishi shart emas.

    14-dekabr kuni parlament Yun Sok Yolga impichment e'lon qildi, ammo yakuniy qarorni Konstitutsiyaviy sud chiqaradi. Uning hukm chiqarishi uchun 180 kun bor.

    Suddagi to'qqiz o'rindan uchtasi hozirda vakant. Konstitutsiyaviy sud to'g'risidagi qonunga ko'ra, prezidentni hokimiyatdan chetlatish uchun olti nafar sud`ya parlamentni qo'llab-quvvatlashi kerak. Bundan tashqari, kvorum kamida etti nafar sudyadan iborat ekanligi ko'rsatilgan. Ammo kuzda, boshqa bir vaziyatda, sud ishlamay qolishining oldini olish uchun o'ziga ushbu talabni bajarmaslikka vaqtincha ruxsat bergan edi.

    Konstitutsiyaviy sud raisi vazifasini bajaruvchi dekabr oyida sud eshituvini boshlash uchun olti nafar sudya yetarli ekanligini, biroq prezidentning impichmenti bo'yicha sudda hukm chiqarish uchun bu yetarlimi yoki yo'qligini aniqlash uchun keyingi muhokamalar zarurligini ma'lum qilgan edi, deb xabar beradi tass.ru.