Internet tarmoqlarida paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlanishi munosabati bilan bank xodimlari, xususan, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi “Xalq banki”, “Hamkorbank” va “Savdogarbank” boʻlimlari xodimlari paxta terimiga jalb qilinganligi, paxta dalasiga chiqishni istamaganlarga esa oʻz oʻrniga odam yollash buyurilganligi toʻgʻrisidagi xabarlar eʼlon qilindi.

Yuqoridagi xabarlarga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Sirdaryo viloyatidagi yuqorida qayd etilgan banklarda oʻrganish oʻtkazildi.

Natijada, “Savdogarbank” aksiyadorlik tijorat bankining Sirdaryo viloyatida filiali mavjud emasligi, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi “Xalq banki” va “Hamkorbank” ATBlarning boʻlimlarida bank xodimlari hech qanday paxta yigʻim-terimiga jalb qilinmaganligi, xodimlar tomonidan oʻz oʻrniga odam yollash buyurilmaganligi maʼlum boʻldi.

Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati “Xalq banki” va “Hamkorbank” ATBlar boʻlimlari bank xodimlarining har biridan yozma tushuntirishlar olindi hamda internet tarmogʻida eʼlon qilingan xabarlar oʻz tasdigʻini topmadi, deb xabar beradi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.