Yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlari tasdiqlandi

    Energetika 19 Sentabr 2023 1212

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-sentyabrdagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 475-son qarori qabul qilindi.

    Aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda taʼminlash, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari oʻrnatilishini qoʻshimcha ragʻbatlantirish, hamda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga oʻtkazish maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:

    - yoqilgʻi-energetika resurslarining 2023-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradigan narxlari;

    - yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish komissiyasi tarkibi;

    - energetika infratuzilmasining barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha ishchi guruhi tarkibi.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2023-yil 1-oktyabrdan boshlab:

    - tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, sotish tariflarini hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflarini;

    - elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz isteʼmolchilaridan va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan mablagʻlarni taqsimlash tartibini;

    - temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish xizmatlari va boshqa tariflarni qayta koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suv xizmatlariga, shahar yoʻlovchilar tashish transportida yoʻlovchilar tashish xizmatlariga yangi tariflarni belgilash tavsiya etildi.

    Bunda issiqlik taʼminoti xizmatlarining aholi uchun belgilanadigan narxlari joriy kuz-qish mavsumida oshirilmaydi.

    Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida:

    - oʻrnatilgan gaz hisoblash uskunalari tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga toʻliq ulanganligini va onlayn rejimda maʼlumotlar uzatilayotganligini qatʼiy nazorat qilib borsin;

    - noqonuniy ulanish, yoqilgʻi-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy isteʼmol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish boʻyicha nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirsin;

    - tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi olti oyda bir kub metr uchun 3 250 soʻmdan oshib ketmasligi boʻyicha qatʼiy choralar koʻrsin.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi, deb xabar beradi “Norma”.