Yoqilgʻi-energiya sohasidagi huquqbuzarliklar boʻyicha foto va video xabar berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi

    Mamlakatimizda 26 May 2023 1227

    “Yoqilgʻi-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–77-son, 24.05.2023-y.) qabul qilindi

    Farmonga koʻra, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini toʻliq joriy etish, yoqilgʻi-energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va ularga barham berishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    2023-yil 1-sentyabrdan:

    aholi tomonidan Energetika vazirligining Internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;

    huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;

    huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari soʻroviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

    Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Qonun buzilishi aniqlanganda, prokuratura organlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslarga qonun buzilishini zudlik bilan bartaraf etish toʻgʻrisida talabnoma kiritiladi.

    Shuningdek, Oʻzenergoinspeksiya faoliyatiga “Energonazorat” platformasi hamda uning mobil ilovasining sinov versiyasi 2024-yil 1-martgacha tajriba tariqasida Qashqadaryo viloyatida, 2024-yil 1-oktyabrgacha toʻliq versiyasi joriy etiladi.