Yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash — oliy burchimiz

    Insonning oʻzligini anglashi, unda milliy gʻurur, iftixor kabi oliy tuygʻularning qaror topishida tilning oʻrni nihoyatda beqiyos. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi.


    Shuning uchunmi, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 243-maktabda oʻtkazilgan Til hayot sabogʻi nomli tadbir oʻquvchi qizning ona timsolida sahnaga kirib kelishi bilan boshlandi. Zero, chaqaloqda ona shaxsi bilan birga uning tiliga ham kuchli mehr uygʻonadi. Ona tilimizni uni jahon tamadduniga olib chiqqan Alisher Navoiysiz tassavvur qilishga ham haqqimiz yoʻq.

    Shu maʼnoda tadbir tashkilotchilari tomonidan Alisher Navoiy gʻazallari, hikmatlariga alohida eʼtibor berilgani bejiz emas. Yosh adabiyotshunoslar, Kitobxonlar toʻgarak rahbarlari tomonidan 10-sinf oʻquvchilari yordamida sahnalashtirilgan Alisher Navoiy va Husayn Bayqaro obrazi, 7-sinf oʻquvchilarining Shum bola qissasi asosidagi sahna namoyishlari, ayniqsa, 5 sinf oʻquvchilarining Tinish belgilari, fan darsliklari haqidagi sheʼrlari, Maftuna Hakimova yodlagan M. Yusufning Ona tilim sheʼri barchaga xush kayfiyat baxsh etdi. Tadbirning badiiy qismida raqs toʻgaragi rahbari Shahzoda Isaxonova tomonidan tayyorlangan 2-sinf oʻquvchi qizlari ijrosidagi mumtoz kuy tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.

    Tadbirni tashkillashtirishda Maʼnaviy maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari A. Raxmonov, ona tili va adabiyot oʻqituvchilari M. Altibayeva, G. Xoshimova kabi fidoyi ustozlar faollik koʻrsatganini alohida taʼkidlash joiz. Zero, tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash, xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshish oliy burchimizdir.

    Malika Altinbayeva,

    maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi