Samarqand shahrida oʻziga ishonib topshirilgan bolani urib, qovurgʻalarini sindirgan enagaga sud hukmi oʻqildi.
Maʼlum qilinishicha, asli urgutlik boʻlgan 37 yoshli sudlanuvchi Samarqand shahrida ijarada yashab, oʻzi bilan birga yashagan tanishining farzandiga enagalik qilishga kelishgan. Evaziga ijara pulining yarmini toʻlamasligini aytgan. Sudlanuvchi hali voyaga yetmagan bolaning shoʻxliklarini koʻtara olmagan va uni urib-doʻpposlab kelgan.
“Balki onasidagi alamimni undan olgim keldimi, balki farzandsizligim menga taʼsir qildimi, nega hammaga beradi, menga bermaydi, dedim. Hamma narsani oʻyladim. Bir marta urdim, lekin yaxshigina urdim. Qoʻlidan, qornidan chimchiladim, yuziga, dumbasiga urdim”, dedi sudlanuvchi.
Shuningdek, aybini yashirish maqsadida bolani davolash evaziga 500 ming soʻm berishini aytib, uni boshqa dugonasiga berib yuborgan. Ayol farzandi qiynalib nafas olayotganini koʻrgach, uni shifoxonaga olib borgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida bolaning chap yuz yanoq va burun sohalarida shilinma, koʻkrak va ikkala qoʻl-oyoqlarida jarohatlar aniqlangan.
Qovurgʻalarining sinishi kabi jarohatlar hayot uchun oʻta xavfli boʻlgan tan jarohatlar, deya baholangan va u oʻtmas jismlar taʼsirida yetkazilgani koʻrsatilgan.
Sud hukmiga koʻra, ayol Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.