Nizomga koʻra, chegaraoldi shahar va tumanlardagi maktablarda “Yosh chegarachilar” klublari tashkil etiladi.
Klub maktab direktori tomonidan tasdiqlangan ramziy bayrogʻi, vimpeli va shioriga ega boʻladi.
Klub aʼzoligiga maktablarning 9, 10 va 11-sinf oʻquvchilari, oʻz xohishiga koʻra, cheklanmagan miqdorda qabul qilinadi.
Klubga qabul qilish uchun aʼzolik badali yoki boshqa toʻlovlar amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qaror bilan shuningdek, “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish tartibi belgilandi.
Unga koʻra, “Yosh chegarachilar” klublarining chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi (10–11-sinf) aʼzolari oʻrtasida quyidagi 3 bosqichli musobaqalar oʻtkaziladi:
- tuman (shahar) bosqichi – mart-aprel oylarida;
- viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) bosqichi – aprel oyining uchinchi oʻn kunligida;
- respublika bosqichi – may oyining ikkinchi oʻn kunligida.
Musobaqada ishtirok etuvchi jamoa oʻquv yilining boshida klubning musobaqa shartlari boʻyicha yuqori natija koʻrsatayotgan 10 nafar aʼzosidan (8 nafar oʻgʻil, 2 nafar qiz) iborat tarkibda tuziladi.
Musobaqaning har bir bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinni egallagan jamoalar diplom, kubok va sovgʻalar bilan mukofotlanadi.