Shuningdek, Rasul Xoʻjayevning 14 yoshli qizi Sevinchoy Xolboyeva allaqachon ota kasbini puxta oʻzlashtirib olgan. U kandakorlik asbob-anjomlarini mohirlik bilan ishlatib, mustaqil ravishda mis qumgʻonlarni yasab, hatto jimjimador bezaklar bilan bezatib, ichki bozorga olib chiqmoqda. Shu bilan birga, tunukasozlik hunariga qiziquvchi maktab oʻquvchilariga oʻzi egallagan hunar sirlarini oʻrgatmoqda.

Rasul akaning oʻgʻli Ruslanbek Xolboyev 7-sinfda, qizi Sevinchoy Xolboyeva esa 8-sinfda oʻqiydi. 13 yoshli Ruslanbek oʻqishdan boʻsh paytlari otasiga yordam bersa, Sevinchoy ikki yildan buyon mustaqil faoliyat olib boradi. Sevinchoy hozir 14 yoshda. Hunarmandchilikni otasidan 2 yilda toʻliq oʻrganib olgan Sevinchoyning aytishicha, sohaga qiziqish 6-7 yoshlarida boshlangan.

“Otamga 6 yoshimda shogirdlikka tushganman. Oxirgi ikki yilda sohani aniq oʻrganishga kirishdim. Boshida 2-3 oygacha shunchaki jarayonni kuzatib yurdim. Keyin nimadir yasashga oʻtdim. Ochigʻini aytaman, uch-toʻrt urinishlardan keyingina ishim oʻxshashni boshladi. Ungacha ancha metall boʻlaklarini yaroqsiz qilib qoʻyganman”, — deydi Sevinchoy Xolboyeva.

Yosh hunarmand qiz ikki yildan buyon mustaqil faoliyat olib boradi. Sevinchoy hozirda 20 ga yaqin uy-roʻzgʻor buyumlari va tunuka ishlab chiqarmoqda. U oʻziga uy ichida alohida ustaxona ochib olgan. Otasi Rasul akaning aytishicha, qizi ishlayotgan paytda hech kim bezovta qilishi mumkin emas. Sevinchoy bir oʻzi, mustaqil ishlashni yaxshi koʻrar ekan.

Hunarmand qiz Sevinchoyning aytishicha, kunlik daromadi 100-150 ming soʻm atrofida. Oʻqish boʻlmagan kunlari bu raqam 200 ming soʻmgacha yetishi ham mumkin ekan. U ertalab soat 5:00 da turishga odatlangan. Birinchi qiladigan ishi — ustaxonasini ochib, tozalash.

Xalqimiz tomonidan: “Hunarmandning rizqi baland”, “Hunarli inson xor boʻlmas”, degan hikmatlar bejizga yaratilmagan. Har bir insonga egallagan kasb-kori, ilm-u hunari uning ham umrini, ham qalbini bezaydi. Rizq-u nasibasini butun qilib, hayotiga koʻrkamlik baxsh etadi.

Minajatdin KUTLIMURATOV,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri