Chempionatning ilk kunida yunon-rum kurashi ustalari -60, -67, -72, -82 va -97 kilogramm vazndagi saralash bellashuvlarida gilamga chiqdi.
Shiddatli bahslarda oʻzbekistonlik yunon-rum kurashi ustalaridan -60 kilogrammda Alisher Gʻaniyev, -72 kiloda Abror Atabayev va -82 kilogramm ogʻirlikda Samandar Bobonazarov vatanimiz sharafini himoya qildi.
60 kilogrammda hamyurtimiz Alisher Gʻaniyev ilk kurashda germaniyalik Georgios Skarpelloni (9:0) yengdi. Keyinroq ruminiyalik Denis Mixaini 8:0, chorak final bosqichida ukrainalik Bogdan Xrishinni 11:2 hisobida dogʻda qoldirdi.
U yarim final bosqichida Ozarbayjon terma jamoasi aʼzosi Nihad Guluzadeni 9:0 hisobida taslim etib, finalga yoʻl oldi.
Bugun, 22-oktyabr kuni Gʻaniyev chempionatda betaraf sportchi sifatida ishtirok etayotgan rossiyalik Dinislam Bammatov bilan roʻbaroʻ keladi.
Kun davomida shuningdek, yunon-rum kurashi vakillari -55, -63, -77, -87, -130 kilo ogʻirlikdagi saralash bellashuvlarida oʻz omadlarini sinovdan oʻtkazadi.
Eslatib oʻtamiz, 23 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati bahslari 27-oktyabrga qadar davom etadi.