Yosh oilalarga davlat yordami tizimi: amaliy natijalar va muammolar

    Buxoroda shu mavzuda jamoatchilik eshituvi tashkil etildi

    Xalq demokratik partiyasi yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash jamiyatda ijtimoiy birdamlikni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega masala, deb hisoblaydi.

    Partiya deputatlari va faollar davlat tomonidan yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi samaradorligini Buxoro viloyati misolida oʻrganib, tahliliy maʼlumotnoma tayyorladi. Unda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmining amaliy holati, mavjud muammolar va tizimni takomillashtirish boʻyicha takliflar yuzasidan tahliliy xulosalar bor.

    Oʻrganish natijalariga bagʻishlab «Yosh oilalarga davlat yordami tizimi: amaliy natijalar va muammolar» mavzusida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Eshituvda viloyatdagi masʼul idoralar mutasaddilarining axborotlari eshitildi.

    Maʼlum qilinishicha, Buxoro shahrida 11 foiz yosh oilalarda uy-joy muammosi mavjud. Bunga sabab sifatida shaharda uy-joy qimmatligi uchun yosh oilalarga ajratiladigan amaldagi subsidiya miqdori uylarning boshlangʻich badalini toʻlashga yetmasligi aytildi. Shu bois subsidiyalar miqdorini oshirish zarurati paydo boʻlgan. Shuningdek, Gʻijduvon va Vobkent tumanlarida 12 foiz yosh oilalarda uy-joyga ehtiyoj bor. Bundan tashqari, Qorakoʻl, Olot va Jondor tumanlaridagi yosh oilalar vakillarining 22 foizi ishsiz ekanligi aniqlangan.

    Yigʻilganlar uy-joy muammosini hal qilish uchun ayrim olis tumanlarda subsidiyaga ikkilamchi bozorda uy xarid qilishga ham ruxsat berish, ishsizlik yuqori hududlarda yoshlarga yer maydoni ajratish tartibini soddalashtirish hamda dehqonchilik va xizmat koʻrsatish sohalari uchun past foizli “startap kreditlar”ni joriy etish haqida takliflar bildirishdi.

    Xalq demokratik partiyasi deputatlari axborot va takliflarni eshitib, oʻz pozitsiyalarini maʼlum qildi. Savol-javob asosidagi muhokamalardan soʻng xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashidagi OʻzXDP guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

    Chetroq tumanlarda subsidiyalarni faqat yangi uy-joylarga emas, balki yakka tartibdagi uy qurish ishlariga ham yoʻnaltirish muhimligi alohida taʼkidlandi. Koʻp qavatli uylar qurilmaydigan hududlardagi yosh oilalarning aynan shu shakldagi qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoji yuqori boʻladi. Jamoatchilik eshituvining yana bir natijasi sifatida bu taklif XDPning parlamentdagi fraksiyasiga respublika darajasida oʻrganib chiqish uchun yuboriladigan boʻldi.