IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan ayollarni xorijiy valyutada baholab intim xizmatlar koʻrsatish uchun sharoit yaratib bergan hamda yosh qizlarni chet mamlakatlarga olib borib, tazyiq va zoʻravonlik ostida majburan shahvoniy ekspluatatsiya qilib kelgan guruhlar faoliyatiga chek qoʻyildi.
Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan dachaga fohishalik qilish uchun 5 nafar qizni olib borayotgan shaxslar ushlandi.
Shuningdek, Fargʻona xalqaro aeroportidan Rossiyaning Kazan shahriga fohishalik uchun qizlarni yuborayotganlar qoʻlga olindi. Bundan tashqari, Toshkent xalqaro aeroportida 2 nafar qizni Dubayga yuborayotgan guruh tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qoʻlga olindi.
Hozirda ushbu guruhlar tomonidan shahvoniy ekspluatatsiya qilish maqsadida olib ketilgan boshqa qizlarning shaxsini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar olib borilmoqda.