Yosh rahbarlarning yillik TOP-40 reytingi yangilandi

    Mamlakatimizda 30 Avgust 2023 1473

    Bugungi kunda 21 nafar vazirdan 8 nafari (38 %i) – 35 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24 %i) – 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14%i) – 51 yoshdan 55 yoshgachadir.

    “Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda 2019-yildan buyon O‘zbekistonning 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli yosh rahbar kadrlari reytingini e’lon qilib kelmoqda.

    O‘tgan vaqt mobaynida reytingga 100 nafarga yaqin davlat xizmatchisi kiritildi. E’tiborlisi, ularning 15 foizi vazir va vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi, kamida 10 foizi Prezident Administratsiyasida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritmoqda, 50 foizga yaqini mansab pillapoyalarida sezilarli o‘sishga erishgan.

    Xususan, Sherzod Asadov 2017-yilda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi maslahatchisi va muvaqqat ishlari vakili edi. 2018-yilda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi etib tasdiqlandi. 2020-yilda u tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. 2021-yildan buyon Sherzod Asadov Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi lavozimida ishlab kelmoqda. So‘nggi o‘zgarishlarga ko‘ra, u Prezident matbuot kotibi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

    Ruslan Davletov 2017-yildan buyon adliya vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. 2022-yil noyabr oyidan u Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

    Hilola Umarova 2019—2020-yillarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori, 2020-yildan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari edi. 2022-yildan maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vaziri.

    Durdona Rahimova 2020-yildan buyon Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. 2023-yil yanvar oyida u yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

    Bu yilgi reytingning farqli jihati shundaki, rahbarlar ro‘yxatiga nafaqat davlat xizmatchilari, balki nodavlat sektor vakillari ham kiritildi. Jumladan, Xalqaro press-klub raisi Jaloliddin Usmonov, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi Bosh direktori Abduaziz Abutolipov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova, “Zamin” xalqaro jamoat fondi direktori Tamila Aliyeva reytingdan joy oldi.

    Shuningdek, reytingga birinchi marta quyidagilar kiritildi:

    Adilbek Allanazarov (35 yosh) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri;

    Bobur Bekmurodov (38 yosh) — “Yuksalish” umummilliy harakati raisi;

    Murod Ismoilov (40 yosh) — yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari;

    Oybek Hamroyev (40 yosh) — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari;

    Rasul Zarikeyev (38 yosh) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm va madaniy meros vaziri;

    Umid Mamadaminov (40 yosh) — energetika vaziri o‘rinbosari;

    Shuhrat Xudoyqulov (39 yosh) — “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruvi raisi;

    Sherzod Rabiyev (40 yosh) — adliya vaziri o‘rinbosari.

    Umuman olganda, bugungi kunda 21 nafar vazirdan 8 nafari (38 %i) – 35 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24 %i) – 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14%i) – 51 yoshdan 55 yoshgachadir. Mahalliy hokimiyat organlarining tarkibi ham sezilarli darajada yangilandi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda hokimlarning o‘rtacha yoshi 46 yoshni tashkil etadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi nutqida endilikda barcha darajadagi rahbarlar “chiroyli, balandparvoz gapiga qarab” emas, balki faoliyatining aniq natijalariga ko‘ra baholanishini ta’kidladi. Qonunlarni, inson huquq va manfaatlarini mensimaydigan, byurokratiya va korrupsiyaga berilgan har qanday rahbar bilan xayrlashishga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbari “butun tizim o‘zgarishini” aytdi. Asosiy e’tibor yosh, bilimli, ilg‘or fikrlovchi va malakali kadrlarga qaratiladi va ular strategik sohalarga jalb etiladi.

    Vazirlik va idoralardagi asosiy lavozimlarga ko‘pchiligi chet eldagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan, amaliy ish tajribasiga ega hamda turli soha va yo‘nalishlarda o‘zini ko‘rsata olgan, yirik xorijiy kompaniyalarda ishlagan istiqbolli yoshlar tayinlanishi kutilmoqda. Prezident ularda ertangi kunning yangi yetakchilarini ko‘rmoqda. Bu, albatta, yaqin yillarda O‘zbekiston siyosiy maydonida yangi yuzlar, yangi rahbar kadrlar paydo bo‘lishdan darakdir.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati