Yoshlar press klubi binosida yosh yozuvchilar hikoyalaridan iborat “Orzu va dengiz” hamda Iqbol Mirzoning “Bonu” kitoblarining taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar, noshirlar va kitobxonlar ishtirok etdi.
“Factor books” nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur kitoblar haqida adabiyotshunos olim Suvon Meli, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Muhiddin Omon, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chori, jurnalist va yozuvchi Xoliyor Safarov, adiba Go'zaloy Solih so'zga chiqib, fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, yozuvchilar safida ayol-qizlarning ko'payib borayotgani, to'plamdan 14 nafar adibaning hikoyalari o'rin olgani quvonarli hol ekani ta'kidlandi.
– Kitobga mening hikoyam nomi sarlavha qilib olinganidan xursand bo'ldim, – deydi adiba Raxshona Ahmedova. – Taqdimotga qatnashish uchun Koreyadan etib keldim. Respublikaning turli hududlaridan kelgan ijodkor do'stlar bilan fikr almashdik. O'ylaymanki, yosh yozuvchilarning hikoyalari kitobxonlarga ma'qul keladi.
“Orzu va dengiz” kitobidagi hikoyalar o'quvchilar tomonidan baholanib boriladi, sentyabr oyida eng ko'p ball to'plagan uch nafar muallif nashriyotning maxsus sovg'asiga ega bo'ladi.