Yoshga doir pensiyani proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi

    Belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmati sifatini oshirishga, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida nafaqalarni tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq ishlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

    Mazkur qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga nafaqalarni tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

    Ya’ni, pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyasini ularning alohida murojaatini talab etmagan holda fuqaroning ish staj, ish haqi va boshqa ma’lumotlarini vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida bir kun muddatda proaktiv shaklda tayinlash tartibini joriy etish belgilanmoqda.

    Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqarolar belgilangan pensiya yoshiga to‘lganidan so‘ng, pensiya tayinlashni so‘rab yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnomani to‘ldirgan holda murojaat qiladilar.

    Qonun loyihasida shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirish istagi bo‘lganida proaktiv shaklda tayinlanadigan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda

    Qonun tashabbuskorlarining fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmati sifatini oshirishga, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.