Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, yolgʻiz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga har tomonlama koʻmaklashish, jamiyatimizdagi qator ijtimoiy va maishiy muammolarni barataraf etishda nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish, ularga hurmat-eʼtibor va mehr-oqibat koʻrsatish, salomatligini asrash, turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida davlatimizning mavjud meʼyoriy-huquqiy bazasi yanada takomillashib, qator qonunchilik hujjatlari ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, joriy yilning oʻzida 959 nafar nuroniy “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 9-iyunda qabul qilingan “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonuniga binoan, “Faxriy murabbiy” ordeniga nomzod sifatida 2 ming 858 nafar nuroniydan iborat roʻyxat shakllantirildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida “1-oktyabr — Xalqaro keksalar kuni”ni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida har yili oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.
Ushbu muhim choralar keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy faollik koʻrsatishi uchun munosib sharoit yaratib berish, mahalla va oilalardagi turli masalalarni keng jamoatchilik, xususan, keksa avlod vakillari hamkorligida hal etish imkoniyatini bermoqda.
Nuroniylarning katta hayotiy tajribasidan samarali foydalanish, ayniqsa, oilaviy murakkab vaziyatlarga yechim topish, jamiyatdagi koʻplab ijtimoiy va maishiy masalalarni bartaraf etishda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan oʻtgan vaqt davomida qator ishlar qilindi. Jumladan, barcha viloyat va tuman (shahar)larda Nuroniylar jamoatchilik kengashi, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhi va “Buvijonlar maktabi” kengashi tashkil etildi.
Mahallalarda joylashgan otalar choyxonalari hamda tuman (shahar)lardagi “Nuroniylar maskani” va boshqa turli muassasalarda keksalar hamda faxriylar ishtirokida qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari oʻtkazildi. Mazkur targʻibot tadbirlari mamlakatimizda umrguzaronlik qilayotgan keksa avlod vakillariga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, turmush sharoitini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Xalqimiz azaldan oila atalmish qoʻrgʻonni muqaddas atab, uning buzilishi natijasida farzandlarning ota-ona mehrisiz kamolga yetishini jamiyatning eng ogʻriqli jihatlaridan biri sanab keladi. Uning oldini olish va oilalarda yuzaga kelayotgan nizo va ziddiyatlarni ijobiy hal etish maqsadida mahalla-koʻy, ayniqsa, nuroniy va kayvoni insonlar yordami beqiyos ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bugun ham oilaviy ajrimlarning oldini olishda xalqimizning necha asrlik ushbu anʼanalaridan samarali foydalanib kelinmoqda.
Statistik maʼlumotlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, joriy yil davomida ajralish yoqasiga kelib qolgan 11 ming 490 ta shunday oila saqlab qolindi. 5 ming 865 ta notinch oiladagi vaziyat esa, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari aralashuvi bilan ijobiy tarafga oʻzgardi. Albatta, bu kabi minglab oilalarning saqlab qolinishida fidoyi va faol nuroniylar, mahallalardagi katta hurmatga ega otaxonu onaxonlarning xizmati muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavzuning mantiqiy davomi sifatida aytish joizki, joriy yilda nuroniy otaxonlar, onaxonlar va faol xotin-qizlarning “Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va inson hayotida oilaning oʻrnini yanada oshirish” yuzasidan Oʻzbekiston yoshlariga murojaati qabul qilindi. Shuningdek, haftaning shanba kuni mahallalarda “Ahil oila kuni” deb eʼlon qilindi. Ushbu muhim tashabbuslarning hayotga joriy etilishi zamirida oilalar mustahkamligini taʼminlash maqsadi mujassam.
Keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotida, milliy urf-odat va anʼanalarni rivojlantirishdagi ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida mahallalarda qator maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot tadbirlari tashkil etildi. Mahallalarda maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashning eng samarali tizimi sifatida yoʻlga qoʻyilgan “Har bir nuroniy — besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida tarbiyasi ogʻir, maʼnaviy koʻmakka muhtoj va uyushmagan 198 ming 638 nafar yosh 36 ming 218 nafar nuroniyga biriktirildi. Ayni vaqtda ular ishtirokida yoshlar maʼnaviyatini oshirish, ularda vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida qator ishlar olib borilmoqda.
Buning natijasi oʻlaroq, mahallalarda tarbiyasi ogʻir yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklar soni keskin kamayishiga erishildi. Shuningdek, uyushmagan yoshlar bilan ishlashning yangi va hayotiy metodlari hayotga joriy etilmoqda. Keksa avlod vakillarining salomatligini asrash, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka-yolgʻiz yashovchi nuroniylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida 228 ming 564 nafar nuroniy bepul chuqur tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, sanatoriylarda 8 ming 678 nafar nuroniyning sogʻligʻi tiklandi. Shuningdek, 179 ming 240 nafar nuroniyning yurtimizning diqqatga sazovor maskanlariga sayohat qilishiga sharoit yaratildi. Davlatimizning ijtimoiy himoyalash dasturlari asosida keksa avlod vakillarining 1 ming 620 nafariga nogironlar aravachasi, 1 ming 532 nafariga eshitish moslamasi, 1 ming 600 nafariga hassa (qoʻltiqtayoq), 400 nafariga koʻzoynak, 3 ming 5 nafariga esa boshqa reabilitatsiya vositalari berildi. Shu bilan birga, ehtiyojmand oilalarda yashayotgan keksalarning xonadonlarida hashar oʻtkazilib, ularga doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalari yetkazib berilmoqda.
Ayni vaqtda yurtimiz miqyosida boshlangan “Keksalar haftaligi” doirasida ham bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish choralari tizimli ravishda tashkil etish belgilangan. “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” gʻoyasi ostida oʻtkazilayotgan haftalik davomida yurtimizdagi barcha mahallada nuroniylar, jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar, xayriya tadbirlari, nuroniy va yoshlar oʻrtasida turli sport musobaqalari oʻtkaziladi. Joylarda yangi qad rostlayotgan “Nuroniylar maskani”, “Mahalla markazi” majmualari, fuqarolar yigʻini binolari hamda mahallalardagi boshqa ijtimoiy obyektlarning ochilish marosimlari boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, haftalik davomida pensioner, yakka-yolgʻiz keksalar holidan xabar olinib, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishga koʻmaklashiladi, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi. Malakali shifokorlardan tashkil topgan “Tibbiyot avtobuslari” orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi, zarur dori-darmon vositalari bilan taʼminlanadi.
Bir soʻz bilan aytganda, joriy yilda oʻtkazilayotgan navbatdagi “Keksalar haftaligi” mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash, nuroniylar salomatligini mustahkamlash va ularning jamiyatdagi faolligini oshirishda katta oʻrin tutadi.