Yoshlar – mamlakat taraqqiyotida muhim va asosiy kuch

    Fikr 25 May 2021 1428

    Hozirgi murakkab va tahlikali kechayotgan axborot va texnologiyalar asrida Oʻzbekiston yoshlariga qanchadan-qancha dunyo yoshlari havas bilan qaramoqda. Zero, tinch va osuda zaminda yashayotgan koʻpmillatli xalqimiz kelajagini belgilovchi yosh avlodning har tomonlama kamol topib, voyaga yetishi uchun mamlakatimizda yaxshi imkoniyat va qulay shart-sharoitlar mavjud.

    Bugun har qachongidan ham koʻproq eʼtibor va gʻamxoʻrlik aynan yoshlar taʼlim-tarbiyasiga qaratilishi - yurtimiz ertasining yorqin boʻlishiga zamin yaratilayotganining dalolatidir.

    Maʼlumki, respublikamizda 25-may sanasida oʻrta taʼlim maktablarida “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari boʻlib oʻtadi. Joriy yildagi “Soʻnggi qoʻngʻiroq” da xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputatlari faol ishtirok etishdi.

    Xususan, Boʻstonliq tumanidagi 17-maktabda ham ushbu tadbir koʻtarinki ruhda oʻtdi. Unda Toshkent viloyati Kengashi deputatlari ham qatnashib, yurtboshimizning bitiruvchilarga “Tabrigi” oʻqib eshittirildi, ushbu tabrikda yoshlarga, ayniqsa bitiruvchilarga mustaqil hayotga qoʻyayotgan ilk qadamlarida katta motivatsiya berdi.

    Shuningdek, bitiruvchilarga kelajakda oilasi, vatani va xalqi uchun munosib farzand, komil inson boʻlishlariga katta ishonch bildirildi.

    Maʼlumki, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida imzolagan birinchi qonun ham 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun edi. Shu kungacha mamlakatimizda yoshlar masalasiga doir amalga oshirilgan tub islohotlar va yangilanish jarayonlari barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni birdek qamrab olganini taʼkidlash joiz.

    Shuningdek, bu boradagi kengkoʻlamli ishlarning mantiqiy davomi sifatida 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, davlat dasturi qabul qilinishi eʼtirofga arzugilikdir.

    Mamlakatimizda yurtboshimiz ilgari surigan “5 tashabbus” xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, endilikda umumxalq harakatiga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bugungi kunga qadar tashabbusning mamlakatimiz yoshlari hayotiga keng kirib borishini taʼminlashga qaratilgan qator izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

    Aytish kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar bandligini taʼminlash, ularning munosib daromad olishi, yosh avlodning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun yetarlicha sharoitlar yaratish, yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish jarayonlarida barcha rahbarlar hamda xalq vakillik organlari deputatlari ham birdek masʼul.

    Bu borada Boʻstonliq tumanida yoshlar muammolarini hal etishda turli samarali mexanizmlar asosida yoshlar bilan davlat boshqaruv organlari, idora va tashkilot, muassasa rahbarlari va deputatlar uchrashuvlarida yaqindan suhbatlashib, ularning murojaatlari atroflicha oʻrganilib, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan rejalar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, oʻtgan yaqin davr oraligʻida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi barcha sektor hududida istiqomat qiluvchi, “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turadigan 170 nafar yoshlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida yer maydonlari ajratilgan edi. Shu kunlarda ularga tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan urugʻlik olishlari uchun subsidiya ajratib berildi. Shuningdek, ushbu hududda istiqomat qiladigan “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlarga bepul inkubatorlar tarqatildi. Muhimi, endilikda ushbu inkubatorlardan unumli foydalanib yoshlar oʻz-oʻzini band qilish imkoniga ega boʻldilar.

    Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 13-aprel kuni yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga katta eʼtibor qaratilgan edi. Yigʻilishda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash borasida respublikamiz mintaqalarida, jumladan Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali oʻtkazildi.

    Bu kabi turli festival va musobaqalarning oʻtkazilishi, yoshlarni sport, madaniyat va sanʼatga qiziqtirish, nufuzli xalqaro tanlovlarda ularning Vatanimiz sharafini munosib taqdim etishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlash, kelajakka boʻlgan qatʼiy ishonchini oshirish hamda xalqimizning boy unutilmas anʼana va qadriyatlarining yana-da sayqallanib davom etishini taʼminlaydi. Shu bois, yurtimizda aynan yoshlar masalasiga eʼtibor davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.

    Aytish kerakki, “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali doirasidagi tadbirda barcha hududlardan, jumladan Boʻstonliq tumanidan koʻplab faol yoshlar qatnashdi.

    Bugun yoshlarimiz hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun astoydil oʻqib oʻrganishlari va albatta sidqidiladan mehnat qilishi kerak. Zero, har qanday muvaffaqiyatga oʻz-oʻzidan erishilmaydi. Har bir yutuq zamirida mehnat, maqsadli harakat qilish talab etiladi.

    Vatanimizning istiqboli va ertasi esa maʼnan yetuk, aqlan salohiyatli, jismonan baquvvat, mehnatsevar, oʻzining mutahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlarimiz qoʻlida.

    V.G.Kim,

    Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi

    21- “CHORBOGʻ”saylov okrugi deputati