Ushbu tadbirda universitet rahbariyati, oʻqituvchi va talabalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, “Oʻzbekiston-Fransiya” doʻstlik jamiyati, “Istiqbol” tadqiqot markazi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbati davomida SHHT Markazi rahbari Qobiljon Sobirov “Xalq diplomatiyasi nima?”, “Oʻzbekistonga bunday diplomatiyaning ahamiyati qanchalik muhim?”, “Nima uchun aynan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar doirasida bunday tuzilma tashkil etilgan?” “Nima uchun yoshlar xalq diplomatiyasining tayanchi” va boshqa savollar yuzasidan maʼruza qilib, mavjud muammolarga, ularning yechimlariga alohida eʼtibor qaratdi.

Jumladan, maʼruzada SHHT nisbatan qisqa davr ichida xalqaro munosabatlarda faol ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotga aylanganini, tashkilot hududi yer yuzining toʻrtdan bir qismini egallashi, dunyo aholisining deyarli yarmini birlashtirishini aytib, bunday ulkan salohiyatga ega tashkilot Yevroosiyo qitʼasidagi munosabatlarning yangi turini shakllantirishda muhim oʻrin tutishini, bu jarayonda, tabiiyki, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan keng foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Xitoyning Sindao shahrida 2018-yilda oʻtkazilgan sammitda, Oʻzbekiston Prezidentining taklifiga binoan, SHHT davlat rahbarlarining yoshlarga qoʻshma murojaati qabul qilinganiga alohida urgʻu berildi.

Tabiiyki, savol tugʻiladi: SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari nima uchun aynan yoshlarga murojaat qilishdi? Buning javobini maʼruzada qayd etilgagn quyidagi raqamlardan bilib olish mumkin.

SHHT Kotibiyati tomonidan mazkur tashkilot hududida internet tarmogʻidan foydalanayotgan 800 million kishidan taxminan 300 ming nafari ekstremistik va terroristik faoliyat bilan shugʻullanuvchi turli tuzilmalarga aʼzo ekanligi aytildi. Mazkur statistika oʻz-oʻzidan yoshlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taqozo etadi. Ayni paytda dunyoda 4 milliard internet foydalanuvchisi bor, ularning 71 foizini yoshlar tashkil etadi.

Maʼruzachi tomonidan internet tarmogʻi yoshlarga katta imkoniyat yaratish bilan birgalikda katta xavf ham tugʻdirishi mumkinligaga eʼtibor qaratilib, internet tarmoqlari orqali ekstremistik va terroristik mafkura asta-sekin yoyilib, salbiy oqibatlar: yoshlar yollanishi, giyohvand moddalar savdosi va jinoiy faoliyatdan daromad olish koʻpayish kuzatilayotgani qayd etildi.

Shu maqsadda 2009-yilda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish va chuqurlashtirish, ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va doʻstlik, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, turli sivilizatsiyalarga kiruvchi mamlakatlar yoshlarining birgalikdagi rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida SHHT Yoshlar kengashi tashkil etilgani, mazkur Kengashning maqsadi - Tashkilot siyosatining asosiy uzviyligini taʼminlash va aʼzo mamlakatlar yoshlari oʻrtasida turli sohalarda hamkorlik qilish va tajriba almashishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasida Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlarni rivojlantirish - Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishi va ushbu tashkilot doirasidagi faoliyatimiz samarasini yana-da oshirishimiz zarurligini taʼkidlagan.

Bundan tashqari, Prezidentimizning nutqida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasidagi dolzarb masala ekaniga alohida toʻxtalib, 2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingani bejizga emas.

Maʼruza soʻngida talaba yoshlarning mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, yurtimizning xalqaro nufuzini koʻtarishda, xususan, SHHTga aʼzo davlatlar xalqlari oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, mintaqa yoshlarining yana-da faol boʻlishiga munosib hissa qoʻshishga daʼvat etdi.

Oʻzbekistondagi Shanxay xamkorlik

tashkilotining Xalq diplomatiyasi

markazi matbuot markazi