Ushbu uchrashuv nafaqat navbatdagi siyosiy tadbir, balki yoshlar siyosatida yangi bosqichni boshlab bergan strategik qarorlar maydoni sifatida ahamiyat kasb etdi.

Yoshlar siyosatida tizimli yondashuv

Prezident tashabbusi bilan har payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Bu qaror yoshlar muammolarini joyida o‘rganish, ular bilan bevosita muloqot qilish va amaliy yechimlar ishlab chiqishga xizmat qiladi. Endi har bir davlat tashkiloti yoshlar bilan ishlashni ustuvor vazifa sifatida qabul qiladi.

Shuningdek, har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilishi yoshlarning g‘oyalarini amalga oshirish uchun institutsional asos yaratadi. Bu markazlar orqali biznes-reja tuzish, huquqiy maslahat olish, moliyaviy resurslarga chiqish imkoniyati kengayadi.

Yoshlar tadbirkorligi – iqtisodiy drayver

Uchrashuvda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi ma’lum qilindi. Bu katta moliyaviy paket yoshlarning biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Kredit miqdorlarining keskin oshirilishi esa yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi:

·      O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit 300 million so‘mgacha;

·      Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha;

·      Faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lganlar uchun 2 milliard so‘mgacha;

·      5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratish imkoniyati yaratildi.

“Kелажак tadbirkori” dasturi doirasida 7 yilga 15 foizli kreditlar, eng yaxshi bitiruvchilarga 7 foizli imtiyozli ssudalar berilishi belgilandi. Bu mexanizm yoshlar biznesini uzoq muddatli va barqaror rivojlantirishga qaratilgan.

Innovatsiya va startaplarga keng yo‘l

Innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi mamlakatimizda venchur muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. “O‘sish va rivojlanish” loyihasi doirasida eng yaxshi 40 ta startapga 2 milliard so‘m ajratilishi, texnikumlarda startaplar yaratishga moliyaviy yordam ko‘rsatilishi innovatsion iqtisodiyotga o‘tish strategiyasining amaliy ifodasidir.

“Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard va Stenford kabi nufuzli xorijiy oliygohlar hamkorligida 40 ming yoshni o‘qitish rejalashtirilgani yoshlarning global bilim va tajribaga ega bo‘lishini ta’minlaydi.

Ta’lim va kasb – mustahkam poydevor

“Menинг birinchi kasbim” dasturi orqali oliygoh bitiruvchilariga stajirovka davrida oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lanishi, “Work and travel” dasturi orqali texnikum o‘quvchilariga xorijda ishlash imkoniyati yaratilishi yoshlarning mehnat bozoriga tayyorgligini oshiradi.

Shuningdek, har bir tumanga kasb-hunar laboratoriyalari tashkil etish uchun 500 million so‘mgacha ssuda ajratilishi, xususiy o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha soliq imtiyozlari berilishi ta’lim infratuzilmasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ijtimoiy himoya va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash

Yosh oilalar uchun ipoteka kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi uy-joy masalasida muhim yengillik yaratadi.

“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali iste’dodli yozuvchilarga oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lanishi, eng faol kitobxon o‘quvchilarga mukofotlar berilishi ma’naviy taraqqiyotga qaratilayotgan e’tibordan dalolat beradi.

Shu bilan birga, “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasiga har yili 62 milliard so‘m ajratilishi va eng yaxshi loyihalarga grant berilishi yoshlarning fuqarolik faolligini oshiradi.

“Ikkinchi imkon” – hayotni qayta boshlash imkoniyati

Jazoni o‘tab bo‘lgan yoshlarni zamonaviy IT-kasblar va xorijiy tillarga bepul o‘qitish tashabbusi ijtimoiy adolat va inklyuziv rivojlanish tamoyillarining amaliy ifodasidir. Bu loyiha orqali yoshlar jamiyatga to‘liq integratsiya qilinadi.

Prezident tashabbuslari mazmun-mohiyatidan kelib chiqib aytish mumkinki, bu qarorlar yoshlarni faqat ijtimoiy himoya obyekti sifatida emas, balki iqtisodiy, intellektual va ma’naviy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida ko‘rayotgan davlat siyosatining ifodasidir.

Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar – Yangi O‘zbekistonning kelajagiga kiritilayotgan eng muhim investitsiyadir.

Doniёрbek G‘ulomov,

Farg‘ona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)