Furqat, Beruniy, Farovon, Yangiobod va Dashtbogʻlik ishsiz yoshlarning muammolari ariganidan mamnun. Sababiki sektor rahbari tashabbusi bilan oʻtgan tadbirkor va yoshlar uchrashuvida ularning bandligini taʼminlashga erishildi. Kimningdir yangi novvoyxona ochishdagi kredit masalasi hal etilgan boʻlsa, yana kimdir ishlab chiqarish korxonasida oʻz ixtisoslashuvi boʻyicha ishli boʻldi. Bu oddiy uchrashuv boʻlmadi. Balki bu kun yoshlarning hayotiga yorugʻlik olib kirgan, quvonch ulashgan damlardir. Doimo muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlar masalasi koʻtarilganda uning tub mohiyatida oddiy mana shu hayotiy haqiqatlar yotadi.

Bu borada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 13-aprelida yoshlar bandligini taʼminlash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor oʻtkazildi. Unda yoshlarning foydali daromad olishi uchun qulay sharoit yaratib berish, “Yoshlar daftari”dagi oʻgʻil-qizlarga ajratilgan kreditlardan toʻgʻri foydalana olishlari, mustaqil ravishda tadbirkor boʻlib, oyoqqa turishlarida amaliy koʻmak berish kabi masalalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Muhtaram Prezidentimiz ushbu selektorda biz sektor rahbarlarga bir qator topshiriqlarni belgilab berdilar. Bu boʻyicha hududlarda boʻlib, aholini ichiga kirib borishimiz, yoshlar bilan uchrashib ularga quloq tutishimiz quyi boʻgʻindagi muammolarning yechim topishidagi asosiy omillarni koʻrsatib berdilar. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining muhim koʻrsatmalarining joylardagi ijrosini bajarishga kirishdik, - deydi Namangan shahar soliq inspeksiyasi boshligʻi, 4-sektor rahbari Ayubxon Gʻaybullayev.

Vazifalar ijrosi hududlarda aniq misollar, yoshlar bilan yuzma-yuz turib uchrashishdan iborat boʻlibgina qolmay, ularni muammolarini bartaraf etish, ertangi hayotga ishonchini uygʻotish kabi amaliy harakatlarda namoyon boʻlmogʻi kerak. Shu maʼnoda Namangan shahar 4-sektor rahbari Ayubxon Gʻaybullayev tashabbusi bilan “Dashtbogʻ” mahalla fuqarolar yigʻinida ochiq muloqot tashkil etildi. “Yosh tadbirkor – davlatga koʻmakchi” mavzusidagi ushbu muloqot yoshlar va tadbirkorlarni bir doirada birlashtirilgani bejiz emasdi. Tadbirda qatnashgan tadbirkorlar “Yoshlar «1+1” dasturi boʻyicha ishsiz yoshlarni band etishi koʻzlangandi. Bu natijaga ham erishildi. Yakka tartibdagi tadbirkor Ahmadjon Shokirov, “Oydin Fayz” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “Fashion” korxonasi hamda “NamanganMash” aksiyadorlik jamiyati masʼullari yoshlarga boʻsh ish oʻrinlarini taklif etdi.

– Boʻlib oʻtgan uchrashuvda biznesimni boshlash, uni yuritish uchun soha vakillaridan kerakli maslahatlar oldim, — deydi Shukurjon Joʻraboyev. – Tadbirkorlikni boshlashimga kredit mablagʻi masalasida sektor rahbari hamda bank xodimlari yordam berishini aytishdi. Shunday uchrashuv va muloqotlar, albatta koʻp boʻlsa biz kabi yoshlarning muammolari hal boʻlib joylarda yangi ishlab chiqarishlar yoʻlga qoʻyish imkoniyati koʻpayaveradi.

Haqiqatdan ham oʻz biznesimni yoʻlga qoʻyaman deb loyihasini koʻtarib yurib kuni oʻtayotgan yosh ishbilarmonlarga yelka berish yoki bankdan kredit olib uni qanday maqsadli ravishda foydalanishni bilmayotgan yoshlarga amaliy koʻrsatma berish bugungi kundagi muhim masala. Yoshlarni oʻz ish joyiga ega boʻlishida, oʻz oilasiga daromad topib kirishida sektor rahbarlari boshchiligidagi olib borilayotgan harakatlar ushbu ochiq muloqotlar singari uchrashuvlar bilan yana ham jonlanmoqda.

Tadbirning eng ahamiyatli tomonlaridan biri, mamlakatimiz Prezidentining Namangan shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri Farhod Rahimboyev, Yoshlar ishlari agentligi shahar boʻlimi boshligʻi Muxtorjon Isaqov, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, bank tizimi vakillari, yuzga yaqin yoshlar va tadbirkorlik subyektlarining masʼullari ishtirok etib, tadbirkor va “Yoshlar daftari”da turuvchilarga yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi qator imkoniyatlar xususida yigʻilganlarga tushuncha berildi.

Mahorat darsiga aylangan uchrashuvda joriy yilning 1-mayidan boshlab yoshlarni ishga qabul qilgan korxona va tashkilotlarga ushbu xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq qaytarib berilishi, 1-iyundan boshlab, korxona va ishlab chiqarish firmalarida amaliyot oʻtagan “Yoshlar daftari”dagi talabalarga 500 ming soʻmgacha subsidiya ajratilishi, “Yoshlar daftari”ga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad soligʻi toʻlashdan ozod etilishi boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Ochiq muloqotdan soʻng tadbir tashkilotchilari sektor hududidagi kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, kam daromadli oilalar holidan xabar oldi. Shunday ulugʻ kunlarda boshqa millat vakillari ham yoʻqlandi.

Soliq xizmati organlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida bu safar ham har qachongidan ham yuqori darajada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasiga biriktirilgan 4-sektorda kam taʼminlanganlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish kelinmoqda.

Muborak Ramazon oyi munosabati bilan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Temir daftar”dagi 615 ta oilaning har biriga kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan 4 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV,

Namangan shahar.