Bugungi globallashuv davrida taraqqiyotning yuksak marralarini koʻzlab intilayotgan har bir davlat oldida yoshlarning qalbi va ongini yot gʻoyalardan asrashdek muhim vazifalar koʻndalang boʻlib turibdi. Bunga erishish uchun, avvalo, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish lozim. Jumladan, bu masala mamlakatimiz uchun ham dolzarbdir.
Bugun yurtimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan oshdi va ularga oid masalalar bilan ishlashda yangicha yondashuv va talablarni yuzaga chiqarmoqda. Jamiyatimizdagi islohotlar jarayonida bu masalalarga ustuvor ahamiyat berilayotgani navqiron avlodni ertangi kunimizning munosib davomchilari etib tarbiyalashda muhim omil boʻlayotir.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgani bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir. Xususan, davlat dasturining 96 ta bandida ijtimoiy sohani rivojlantirish va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar hamda muhim vazifalar belgilangan. Birinchi navbatda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va salomatligini muhofazalash, yoshlar bandligi va real daromadlarini oshirish hamda 2021–2023-yillarda Yoshlar uylarini qurish dasturini amalga oshirish, nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kabi ustuvor vazifalar shular jumlasidandir.
Yoshlar bandligini taʼminlash omillaridan biri ularni talab etilayotgan kasb boʻyicha ixtisoslashtirishdir. Shu bois, davlat dasturida “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida koʻngilli tadbirkorlarni jalb etgan holda 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusini amalga oshirish vazifasi qoʻyilgani, ayniqsa, ahamiyatlidir. “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida uyushmagan va ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, ularda biznes koʻnikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratish orqali oʻz faoliyatini boshlashga koʻmaklashish vazifalari belgilandi. Davlat dasturida nazarda tutilgan mazkur vazifalarning amaliyotga toʻlaqonli joriy etilishi natijasida yoshlarning arzon ishchi kuchi sifatida mehnat bozoriga kirib kelishining oldi olinib, bugungi kun talabiga javob beradigan raqobatdosh kadrlar boʻlib yetishishiga erishiladi.
Dasturda yoshlarimizning uzluksiz taʼlim olishini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, oliy taʼlim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga imtiyozli taʼlim krediti berish tartibini joriy etish, oliy taʼlim muassasalariga talaba-qizlarni qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun ajratilgan grantlar sonini 2 barobar koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazish kabi bandlar mavjudligi oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining yana bir yorqin misolidir.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga eʼtibor Prezidentimizning hududlarga tashriflarida ham oʻz aksini topmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari bu jarayonda barcha sohalarga, ayniqsa, yoshlar muammolari hamda ularning bandligini taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, kasbga oʻrgatish hamda yoshlarimiz oʻz oldiga katta marralarni qoʻyib, ularga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama koʻmak berish barchamiz uchun eng ustuvor vazifa boʻlishi zarurligi aytib oʻtildi.
Albatta, biz deputatlar ham mazkur siyosatni toʻla qoʻllab-quvvatlaymiz. Prezidentimizning koʻrsatma va topshiriqlari, davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdik. Bu borada taʼsirchan deputatlik nazoratini oʻrnatib, hududlarda yoshlarning hayot tarzini, bandlik darajasini doimiy oʻrganib boramiz. Jarayonda uyushmagan yoshlarga ham alohida eʼtibor qaratib, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha asosli va yechimi bor takliflar ishlab chiqish zimmamizdagi muhim vazifadir.
Sobir TURSUNOV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati,
pedagogika fanlari doktori