Mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, yangi ishlab chiqarish korxonalari barpo etilmoqda, mavjudlarining quvvatlari oshirilmoqda. Bu esa turli sohalarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega malakali kadrlarga ehtiyojni yanada oshirmoqda. Prezidentimiz rahbarligida oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilish mavzusi aynan shunisi bilan diqqatga sazovordir.

Iqtisodiyot tarmoqlari barqaror rivojlanib borar ekan, yangi texnologiyalar va innovatsion usullar joriy etilishiga imkon yaratiladi. Shu bilan birga, talab va sifat jihatidan yuqori malakali kadrlarga ehtiyojni sezilarli darajada oshiradi. Ilgari ishlab chiqarish korxonalari soni va quvvati cheklangan, koʻp korxonalar eski texnologiyalarda faoliyat yuritgani tufayli yangi ishchi oʻrinlari yaratish sekin kechar, malakali kadrlarga talab haminqadar edi. Shu bois, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari mehnat bozoriga integratsiyalanishda qiyinchiliklarga duch kelar, oliygohlar bilan korxonalar oʻrtasida hamkorlik yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagandi. Yoshlar koʻpincha mustaqil ravishda ish izlashga majbur boʻlib, ish beruvchilar zarur malakaga ega kadr topishda qiyinchilikka uchrar edi.

Hozir esa turli malakali mutaxassislar tayyorlash, ularning kasbiy salohiyatini mustahkamlash va yangi zamonaviy bilimlar bilan boyitishga eʼtibor ancha kuchaydi. Bu jarayon mamlakat iqtisodiyotini raqobatbardosh qilib, ishlab chiqarish hajmini oshirishga, ish oʻrinlarini kengaytirishga va aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Loʻnda qilib aytganda, yoshlarni ish bilan taʼminlash yurtimiz taqdiriga daxldor eng muhim va ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Soʻnggi yetti yilda oliy taʼlim sohasi jadal rivojlandi — qabul koʻrsatkichlari 4,5 barobar oshdi, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi esa 42 foizga yetdi. Bu bilimli, salohiyatli avlodni shakllantirishda ulkan qadam boʻldi. Endilikda eng dolzarb vazifa bitiruvchilarning mehnat bozorida munosib oʻrin topishi, yaʼni ularni ish bilan taʼminlashdir. Shu bois, bitiruvchilarni ish oʻrinlari bilan oʻzaro bogʻlash, ularni ishlab chiqarish korxonalariga yetkazish, ish joylari bilan yaqindan tanishtirish hamda bu jarayonni tizimli va uzluksiz tarzda tashkil etish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

“Kelajakka qadam”: ishli boʻlishning yangi tizimi

Joriy yildan boshlab yoshlar bandligini taʼminlash yoʻlida noyob tizim yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda banklarga 300 million dollar miqdorida resurs ajratildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan mazkur tizim doirasida Milliy bank, Savdo-sanoat palatasi va hokimliklar hamkorligida “Kelajakka qadam” dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida Toshkent shahri, Samarqand, Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida “TalabaExpo-2025” kasblar koʻrgazmasi tashkil etildi. Yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida minglab bitiruvchilarning biznes loyihalari uchun imtiyozli shartlarda yirik mablagʻlar yoʻnaltirildi.

Ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikda tizimli ishlanishi, korxonalarda kafedra filiallari ochilishi, talabalar amaliyoti sifatli tashkil etilishi, oliy taʼlim muassasalarida “karyera kuni” va mehnat yarmarkalari muntazam oʻtkazilishi oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Natijada bitiruvchilarning katta qismi doimiy ish bilan taʼminlandi, bir qismi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi, yana bir qismi esa dehqon xoʻjaliklari tashkil etib, mustaqil mehnat yoʻlini tanladi.

Erishilgan natijalar “Kelajakka qadam” dasturi yoshlarni hayotga tayyorlash, mehnat bozoriga moslashtirish va kelajakda yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan avlodni shakllantirishda muhim oʻrin tutayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Biroq bitiruvchilarimizning katta qismi yirik kredit majburiyatlarini oʻz zimmasiga olishdan qoʻrqib, tadbirkorlik yoʻlini tanlashga jurʼat qilolmasligi ham kuzatilmoqda. Shuni inobatga olib, imtiyozli kredit resurslarining bir qismini bevosita bitiruvchini ishga olgan korxonalarga yoʻnaltirishga ruxsat berilishi bu muammoning samarali yechimi boʻldi.

Endilikda ishga olingan bitiruvchilar soniga mutanosib ravishda tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha 18 foizli kredit ajratiladi. Kredit miqdoriga qarab, tadbirkor belgilangan sonda bitiruvchini ish bilan taʼminlaydi. Shu bilan birga, agar korxona imtiyozli kredit evaziga ishga olgan bitiruvchini ikki yil ichida ishdan boʻshatsa, kredit foizi tijorat stavkasi oʻzgarishi belgilandi. Ushbu tizim faqat joriy yil bitiruvchilariga emas, balki oliygohni tugatganiga uch yildan oshmagan yosh mutaxassislarga ham tatbiq etiladi. Bu esa yoshlarning mehnat bozorida munosib oʻrin topishi va tadbirkorlar uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim qadam boʻladi.

Uygʻunlik: bitiruvchi — loyiha — ish zanjiri

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, ayrim sohalarda malakali mutaxassislar yetishmasligi tufayli koʻplab korxonalar chetdan kadr izlashga majbur boʻlmoqda. Davlat har bir talabani tayyorlash uchun yiliga oʻrtacha yigirma besh-oʻttiz million soʻm sarflasa-da, bitiruvchilarning yarmidan koʻpi oʻz kasbiga aloqasi yoʻq yoʻnalishlarda ishlashga majbur boʻlmoqda. Bu nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy yoʻqotish hamdir — chunki bilim, mehnat va orzular oʻz samarasini bera olmayotgan boʻladi.

Yechim esa aniq: taʼlim tizimini ishlab chiqarish bilan yanada chambarchas bogʻlash, har bir talabaning oʻqish yoʻlini uning kelajakdagi ish joyiga olib boruvchi uzluksiz zanjirga aylantirish zarur. Dual taʼlim, haq toʻlanadigan amaliyot, korxona va oliygoh hamkorligi, bitiruvchiga “ish joyi pasporti”ni hali oʻqish jarayonidayoq berish — ana shular orqali biz ham sarflangan mablagʻni oqlaymiz, ham yoshlarni oʻz kasbida yetakchi mutaxassis sifatida voyaga yetkazamiz.

Kelgusi yillarda yurtimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar nafaqat iqtisodiy rivojlanishga, balki kadrlar siyosatiga ham yangi talablar qoʻymoqda. Zero, bu loyihalarning oʻzida 500 mingga yaqin malakali mutaxassisga ehtiyoj bor.

Mavjud muammolarni hal etish uchun, taʼlim jarayonini ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikda tashkil etish, oliygohlarda amaliyotga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlarini joriy etish, korxonalar huzurida kafedra filiallarini ochish va talabalarning amaliy mashgʻulotlarini zamonaviy ishlab chiqarish muhitida oʻtkazish zarur. Yoshlar bandligini samarali yoʻlga qoʻyish va ularning mehnat bozorida munosib oʻrin topishini taʼminlash uchun amaliy ishlar tizimli ravishda olib boriladi. Avvalo, oliygohlardagi “karyera markaz”lari faoliyati yangi bosqichga koʻtariladi, ular bitiruvchi va ish beruvchi oʻrtasidagi eng ishonchli koʻprikka aylanadi.

Bandlikni taʼminlash boʻyicha yagona elektron platforma ishga tushirilib, unga Soliq qoʻmitasi va Adliya vazirligi axborot tizimlari integratsiya qilinadi. Bu orqali har bir bitiruvchi haqida aniq maʼlumot toʻplanadi, korxonalar uchun esa kadr izlash jarayoni ancha osonlashadi. Rektorlar bilan hamkorlikda proaktiv yondashuv asosida barcha ishlar tizimli tarzda yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yosh mutaxassislarimiz oʻz yoʻnalishi boʻyicha ish topishi, korxonalar esa kerakli bilim va koʻnikmaga ega kadrlar bilan taʼminlanishi kafolatlanadi.

Albatta, bu yoʻnalishdagi ishlarimizda ilgari samarali tizim yaratib, uni izchil amalga oshirib kelayotgan oliygohlarimizning boy tajribasi mustahkam poydevor boʻladi. Masalan, Buxoro davlat texnika universitetida “tarmoq — korxona — oliygoh” dasturi hayotga tatbiq etilganidan soʻng 20 ta mutaxassislik kafedrasiga tegishli 58 ta filial toʻgʻridan toʻgʻri ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritmoqda. Bu orqali talabalarning nazariy bilimi hayotiy amaliyot bilan uygʻunlashib, 500 dan ziyod yosh haq toʻlanadigan amaliyot va dual taʼlim dasturlarida ishtirok etmoqda. Minglab talabalar ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita qoʻshilib, malakaviy amaliyot oʻtamoqda, ularning bir qismi esa haq toʻlanadigan shartlarda mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, professor-oʻqituvchilar ham ishlab chiqarishda stajirovka oʻtash imkoniyatiga ega boʻlib, oʻz bilim va tajribalarini zamon talablariga mos ravishda boyitmoqda.

Bundan tashqari, universitet huzurida ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, magistrlar va tayanch doktorantlar sanoat korxonalaridagi texnik-texnologik muammolarga amaliy yechim topish bilan shugʻullanmoqda. Hozir sanoat hamkorlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy ishlab chiqarish jarayoniga sunʼiy intellekt, qayta muhandislik, qiyoslash muhandisligi, modellashtirish va avtomatlashtirish kabi ilgʻor texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Shuningdek, atrof-muhitni asrash, “yashil” texnologiyalar va inklyuzivlik tamoyillariga asoslangan oʻndan ortiq yoʻnalishda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Universitetda kimyo muhandisligi va neft-gaz sohasi kafedralari yuqori ilmiy salohiyatga ega boʻlib, bu yoʻnalishlarda tahsil olayotgan talabalarning koʻpchiligi bitiruv yilidayoq oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish oʻrinlariga ega boʻlmoqda. Bu esa hududda ushbu sohalarga boʻlgan ehtiyojning naqadar yuqori ekanini yaqqol isbotlaydi.

Bitiruvchi trayektoriyasi: diplom bilan birga ish kafolati

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, har bir qiymati 1 million dollardan ortiq, 50 tadan ziyod ishchi jalb etilgan loyiha oʻzining texnik-iqtisodiy asosida mutaxassislar ehtiyojini aniq koʻrsatishi shart. Bu orqali vazirliklar va tarmoq rahbarlari oliygohlarga maqsadli buyurtma taqdim etadi, rektorlar esa oʻquv dasturlariga qoʻshimcha modullar kiritib, talabalarning bilim va koʻnikmalarini ana shu ehtiyojga moslab rivojlantiradi.

Bugungi mehnat bozorida kommunikativlik, liderlik, jamoada ishlash va tanqidiy fikrlash kabi soft skillar katta ahamiyatga ega. Shu bois, gumanitar fanlar, biznes, tibbiyot va texnika yoʻnalishlarida mikrooʻrganish modullari, amaliy simulyatsiyalar va loyiha asosida oʻqitish orqali talabalarda mazkur koʻnikmalar rivojlantiriladi.

Yangi tizimning eng muhim jihati — talabalar ikkinchi kursdan soʻng ishga olish niyatidagi investor ishtirokida har yili baholanadi. Diplom ishlari esa qoʻldagi loyiha muammosini hal qilishga qaratilgan holda tayyorlanadi va himoya qilinadi. Bu bitiruvchi diplom olgan kuniyoq ish joyiga ega boʻladigan, amalda “kadr — loyiha — ish” zanjiri shakllanadigan tizimdir.

Shu bilan birga, xususiy sektor uchun ragʻbatlantiruvchi choralar koʻzda tutilgan. Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlar tadbirkorlik reytingida qoʻshimcha ballga ega boʻladi, banklar esa bunday korxonalarga imtiyozli kreditlar taqdim etadi. Bu yoshlarimiz ilm olish jarayonidayoq ishlab chiqarish bilan chambarchas bogʻlanishi, ularning har bir saʼy-harakatlari kelajakdagi ish joyiga qadam sifatida qadrlanishi demakdir. Agar bu tizim izchil amalga oshirilsa, davlat sarflagan har bir soʻm yosh mutaxassisning qoʻlidan mahsulot, innovatsiya va yangilik sifatida qaytib keladi. Shu tariqa yoshlar salohiyati sanoat taraqqiyotining, yurtimiz kelajagining mustahkam poydevoriga aylanadi.

Shundan kelib chiqib, masʼul vazirlar va tarmoq rahbarlari oliygohlarga aniq buyurtma beradi. Rektorlar esa ushbu buyurtmalar asosida taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqib, asosiy fanlar qatorida qoʻshimcha modullarni joriy etadi. Ushbu modullar talabalarning zamonaviy ishlab chiqarish talablariga mos bilim va koʻnikmalarini shakllantirib, ularga qoʻshimcha kredit ballar taqdim etadi.

Diplom ishlari aniq loyihalardagi dolzarb masalalar yechimidan kelib chiqib himoya qilinadi. Bunday yondashuv orqali bitiruvchi oʻz yoʻnalishi boʻyicha tayyor kadr sifatida, ish beruvchi esa oʻz ehtiyojiga mos mutaxassis sifatida maqsadga erishadi. Yaʼni talabalarimiz diplom bilan birga kafolatli ish joyiga ham ega boʻladi. Bu tizim, avvalo, yoshlarimiz kelajagiga, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga xizmat qiladi.

Oliygohlar endi bitiruvchilarning 5-10-yillik kasbiy rivojlanishini kuzatib boradigan maxsus platformaga ega boʻladi. Unda bitiruvchi oʻz taʼlimi haqida fikr bildirishi, ish beruvchi esa tayyorlangan kadr sifatiga bahosini berish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu — oliygoh uchun qimmatli manba. Chunki shu orqali bitiruvchi va ish beruvchi qarashlari tahlil qilinib, taʼlim jarayoni mehnat bozori talabiga mos ravishda doimiy takomillashtiriladi. Shu bilan birga, mehnat bozorining oʻzi ham chuqur oʻrganiladi.

Yevropaning Chexiya, Germaniya, Avstriya va Shveysariya kabi davlatlarining nufuzli oliygohlarida keng qoʻllanilayotgan bu amaliyot “bitiruvchi trayektoriyasi” yoki “bitiruvchilar monitoringi” nomi bilan tanilgan. Asosiy maqsad — taʼlim dasturlari samaradorligini baholash, bitiruvchilarning mehnat bozoriga integratsiyalashuvini aniqlash va oliy taʼlimni hayot talablariga yanada yaqinlashtirish.

Rektorlar uchun yangi davr: vakolatlar, adolatli baholash tizimi va moliyaviy raqobat

Davlatimiz rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va masʼuliyatini oshirish boʻyicha yangi tizim joriy etish zarurligini taʼkidladi. Endi oliy taʼlim muassasalarida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tajribasiga asoslangan baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Eng asosiy yangilik — moliyalashtirish oliygoh toʻplagan ballarga qarab amalga oshiriladi. Bu esa sohaga haqiqiy raqobat va samaradorlik ruhini olib kiradi.

Yangi tizimda bitiruvchilarning bandligiga qarab 40 ball, tarmoq buyurtmasi asosida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar va mahsulot sotilishi uchun 30 ball, ilmiy salohiyat va xalqaro jurnallardagi maqolalar uchun 20 ball, mahalliy va xorijiy grantlar jalb etganlik uchun 10 ballgacha beriladi. Yangi tartibga koʻra, jami ballarning 85 foizini yoki undan koʻprogʻini toʻplagan oliygohlar oʻz byudjetiga qoʻshimcha 20 foiz bonus oladi. Ammo natijasi 56 foizdan past boʻlsa, keyingi oʻquv yilida moliyalashtirish miqdori qisqartiriladi. Bu tizim adolatli raqobat, samaradorlik va natijadorlikka yoʻl ochadi. Endi har bir oliygoh moliyalashtirish uchun emas, avvalo, sifat uchun kurashadi.

Endi oliy taʼlimda rektorlar uchun haqiqiy keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Avvalo, barcha oliygohlar tashkiliy va akademik mustaqillikka ega boʻladi, demak, rektor oʻz jamoasini oʻzi shakllantiradi, oʻrinbosarlarini vazirlik bilan kelishmasdan tayinlaydi va har bir nomzod oʻz dasturini kengash oldida himoya qiladi.

Moliyalashtirish va shtat doirasida professor-oʻqituvchilar hamda boshqaruv xodimlarini erkin taqsimlash, superkontrakt summasini tabaqalashgan holda belgilash huquqi ham rektor qoʻlida boʻladi. Bundan tashqari, “Yangi Oʻzbekiston” universitetida rektorlar maktabi orqali kelajak rektor va prorektorlari maqsadli tayyorlanadi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan nomzodlar malaka oshirish uchun toʻgʻridan toʻgʻri Garvard universitetiga yoʻl oladi.

Tanlov imkoniyati

Bugungi kunda yoshlarimiz uchun oliy taʼlim olish yoʻli har qachongidan keng, har qachongidan yorugʻ. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan har bir tashabbus, ayniqsa, qabul jarayonidagi islohotlar bilim istagan, oliy maqsad sari intilgan har bir yoshning orzu qanotini keng yozishi uchun yaratilayotgan zamindir.

Taʼlim tizimidagi islohotlar natijasida abituriyentlarga 5 ta oliygohni tanlash huquqi berilgani oʻz-oʻzidan ulkan imkoniyat boʻlgan edi. Kuni kecha davlatimiz rahbari yana bir quvonchli yangilikni eʼlon qildi: endi agar yoshlarimiz tanlagan beshta oliygohning birortasiga oʻqishga kira olmasa-da, toʻplagan bali boshqa oliygohdagi toʻlmagan yoʻnalish talabiga mos kelsa, shu oliygoh rektori uni kontrakt asosida qabul qila oladi. Bu intilishdan toʻxtamagan yoshlarimiz uchun yangi eshiklarni ochadi.

Ushbu islohotning yana bir muhim jihati — davlat va xususiy oliygohlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti kuchayadi. Chunki endilikda har bir oliygoh abituriyent uchun nafaqat qabul jarayonida, balki oʻquv jarayoni, professor-oʻqituvchi salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi, talabalar hayoti uchun yaratayotgan sharoitlari bilan ham raqobatga kirishadi. Bu — har bir yoshning hayotidagi burilish nuqtasi, uning kelajak yoʻlini belgilab beruvchi imkoniyat. Biz uchun esa masʼuliyat. Chunki har bir talaba ertangi mutaxassis, kelajakda mamlakat taraqqiyotini ilgari siljitadigan harakat kuchidir.

Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini band qilish va kasbiy rivojlanishini taʼminlash faqat iqtisodiy barqarorlikka erishish yoʻli emas, balki mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlashning ham eng muhim garovidir. Yosh mutaxassisning oʻz yoʻlini topishi, bilim va koʻnikmalarini ish jarayonida namoyon qila olishi jamiyatning umumiy rivoji uchun beqiyos qoʻshilgan hissadir. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar doirasida oliygohlar, davlat organlari va xususiy sektorning uzviy hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Bunday hamkorlik bitiruvchining ishga joylashishi bilan cheklanmaydi — u doimiy ravishda kasbiy oʻsish, yangi texnologiyalar va bozor talablariga moslashish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Chunki har bir yigit-qizning mehnat bozorida munosib oʻrnini topishi mamlakatning iqtisodiy quvvati va maʼnaviy yuksalishi uchun qoʻyilgan eng mustahkam poydevordir.

Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri