Yoshlar bilan ishlash kelajak uchun hozirlik demakdir

    Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda yoshlar masalasida amalga oshirilajak islohotlar xususida soʻz bordi.

    Aytish mumkinki, mazkur islohotlar “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da roʻy berayotganida ham katta hikmat bor. Hech shubhasiz, yoshlar yurtning kelajagini, uning ertangi taqdirini hal qiluvchi juda katta kuchdir.

    Prezidentimiz bu galgi yigʻilishda yoshlar bilan ishlaydigan muassasalarga imkoniyatlarni kengaytirish borasida aniq vazifalarni belgilab berar ekan, “Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini taʼminlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish. Bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz bu — tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesdir” — deya taʼkidlab oʻtdilar.

    Yana bir muhim jihat, yigʻilishda mutasaddilar oldiga yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va bu boradagi imkoniyatlarni yana ham kengaytirish hamda ularning bandligini taʼminlash borasida mutlaqo yangi mexanizm joriy etish kabi juda dolzarb vazifa qoʻyildi. Va maʼlum qilindiki, mazkur yaratilajak yangi tizim bilan qator imtiyozlar amaliyotga joriy etiladigan boʻldi.

    Masalan, shu yilning 1-mayidan boshlab yoshlarni ishga qabul qilgan korxona va kompaniyalarga ushbu xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq qaytarib beriladigan boʻldi. Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oy muddatgacha daromad soligʻidan ozod qilinadi.

    Prezidentimiz “Yoshlar daftari”ga kirgan oʻgʻil-qizlarning ertangi hayotda oʻz oʻrnini topish uchun alohida eʼtibor qaratmoqdalar. Shu maʼnoda, ularga berilayotgan imtiyozlar soni ortib borayotir. Jumladan, 1-iyundan boshlab, mazkur daftarda roʻyxatda turuvchi talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot oʻtagan vaqtda ularga 500 ming soʻmgacha subsidiya ajratilishi belgilandi.

    Shuningdek, besh nafardan ziyod “Yoshlar daftari”ga kirgan ishsiz yigit-qizlarning bandligini taʼminlagan tadbirkorga joriy yilning 1-mayidan boshlab davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz qoʻllaniladigan boʻldi. Bunday har ikki tomon — ish beruvchi va ishga kiruvchiga qulay shartlarning hayotga tatbiq etilishi eng dolzarb muammo — ishsizlik masalasining barham topishida nihoyatda ahamiyatlidir.

    Oʻz biznesini boshlayotgan yoshlarga ijaraga olgan binosining bir yillik ijara summasi miqdoridan kelib chiqib, shu miqdorning 30 foizigacha boʻlgan qismi qoplab beriladi. Bu ham endi oyoqqa turmoqchi boʻlayotgan yosh tadbirkorlarga katta madad boʻlishi shubhasiz.

    Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda taʼkidlanganidek, endi mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigitlarga haydovchilik guvohnomasini olish va bir oylik harbiy xizmatni oʻtash xarajatlari davlat byudjeti hisobidan toʻlanadi.

    Taʼlim davlatning rivojlanishi uchun tezroq va samaraliroq boʻlgan yoʻllardan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, 2021-yilning 1-iyunidan boshlab “yoshlar daftari”ga kirgan yigit-qizlarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻqishi uchun ketadigan xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi.

    Shu bilan birga, 1-iyuldan eʼtiboran xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining 1 million soʻmgacha boʻlgan qismiga subsidiya ajratiladigan boʻldi. Bundan tashqari, yoshlarning professional taʼlim maktablari, texnikumlarda oʻqishi uchun toʻlanadigan kontrakt summasi daromad soligʻidan ozod qilinishi belgilab oʻtildi.

    Yuqorida taʼkidlaganimizdek, yoshlar — mamlakat tayanchi, shu ozod va obod yurtning ertasi. Bu islohotlar yurtimiz ertasi boʻlgan yoshlarni yana-da qoʻllab-quvvatlash borasidagi keng koʻlamli ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

    Oʻzim ham shu yurtning bir fuqarosi sifatida Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslarning amalga oshishi yoshlar hayotida katta oʻzgarishlarga debocha boʻlishiga ishonaman.

    Feruza NORBOYEVA,

    Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo

    davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori