Hozirgi vaqtda dunyodagi "top" oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu Oʻzbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik.
Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli nominatsiyada gʻolib deb topildi.
“Buning bosh omili nimada, deb soʻrasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay oʻzgarganida, deb javob bergan boʻlardim. Oʻgʻil-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganini sezib, oʻzlariga beqiyos kuch olmoqda”, — dedi Prezident.
Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday boʻlishini amalda koʻrdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlarimizdan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat boʻlib saylandi.
“Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy boʻgʻini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda boʻlishga haqqi yoʻq”, — dedi Prezident.