Mamlakatimizda yoshlar manfaatini himoya qilish, orzu-umidlari, iqtidor va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularni tadbirkorlikka oʻrgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali bandligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, “Yoshlar daftari” ayni shu maqsadga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Aytish joizki, 2021-yilning yanvar oyida oʻtkazilgan xatlov va oʻrganishlar natijasida “Yoshlar daftari”ga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʻlgan 591 ming 13 nafar yosh kiritildi. Ular bilan tizimli, manzilli ish yoʻlga qoʻyildi.

Bunday yigit­qizlarni qoʻllab­quvvatlash uchun har bir tuman (shahar)da moliyaviy manbalari aniq belgilangan alohida “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari tashkil etildi. Ularda moddiy koʻmakka yoʻnaltiriladigan 231,8 milliard soʻm mablagʻ shakllantirildi. Chora­tadbirlar natijasida ayni paytgacha 560 ming 385 nafar (94 foiz) yigit­qiz “Yoshlar daftari”dan chiqarildi.

Mazkur daftar hayotga tatbiq etilishi bilan ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalar, ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin­qizlar va yoshlar turmush tarzida tub oʻzgarishlar yuz berganiga barchamiz guvohmiz. Quyida bandligi taʼminlanib, hayotda oʻz oʻrnini topgan qizlarning fikr­mulohazalari bilan tanishishingiz mumkin:

Aygul DADEBOYEVA, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani:

— Bu yil hayotimning yangi sahifasi boshlandi, desam adashmagan boʻlaman. Sababi, maktabni bitirib, oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kira olmaganim yetmaganidek, hunarsiz ham edim. Yoshligimdan tikuvchilikka qiziqishim baland boʻlgan, lekin tikuv mashinasini olishga qurbimiz yetmas edi. “Yoshlar daftari”ga kiritilishim va subsidiya asosida tikuv mashinasini olishim hayotimda tub burilish yasadi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻzimda katta kuch, zimmamda katta bir maʼsuliyatni his qilishimga sabab boʻldi.

Hozir tikuvchilik bilan shugʻullanib, haftasiga besh yuz ming, oyiga ikki million soʻmdan ortiq daromad topyapman. Toʻgʻri, bu uncha koʻp emas, lekin oldimda turgan katta maqsadlar, yangi rejalarni amalga oshirish yoʻlida ragʻbatlantiruvchi omil vazifasini oʻtayapti. Tajribamni yana oshirib, tikuvchilik kasbining yangi qirralarini kashf etib, faoliyatimni kengaytirishni maqsad qilganman. Shuningdek, mahallamizdagi tikuvchilikka qiziqishi yuqori qizlarga bilganlarimni oʻrgatmoqdaman.

Diyora MUXTOROVA, Sirdaryo viloyati Sardoba tumani:

— “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” tashkil etilgani ayniqsa, chekka hududlarda oʻz natijasini bermoqda.

“Yoshlar daftari”ga kiritilganim bois, Yoshlar ishlari agentligi Sardoba tuman boʻlimi koʻmagida tadbirkorlik oʻquv kurslarida oʻqib, sertifikat oldim. Soʻng bankdan yoshlarga berilayotgan imtiyozli kreditdan foydalanib, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydim. Asalarichilik yoʻnalishida ish boshlab, oʻzim va ukamning bandligini taʼminladik. Hozir oilamizga qoʻshimcha daromad keltirish bilan birga, xalqimiz dasturxoniga oʻzimiz yetishtirgan tabiiy asal yetkazib bermoqdamiz.

Bundan oila aʼzolarim ham xursand. Kelajakda faoliyatimni kengaytirmoqchiman. Asalni qayta ishlash sexini qurish niyatim bor.

Dilrabo RAVSHANBEKOVA, Jizzax viloyati Yangiobod tumani:

— 2019-yilda maktabni tamomlaganimdan soʻng oliy taʼlim muassasaciga hujjat topshirdim. Lekin hech omadim kelmadi. Oʻtgan yili noyabrda uyimizga mahalla fuqarolar yigʻinidan vakillar kelib, qiziqishlarim, kelgusi rejalarim va oʻz yoʻlimni topishim uchun nima yordam kerakligi haqida soʻrashdi. Bu men uchun favqulodda hayratlanarli voqea edi. Keyin bilsam, menga oʻxshagan yoshlarga koʻmaklashish, toʻgʻri yoʻl koʻrsatish maqsadida “Yoshlar daftari” joriy etilgan ekan.

“Yoshlar daftari”ga kiritildim. Shunda oldimga aniq maqsad qoʻyishim kerakligini angladim. Chunki endi yolgʻiz emasdim. Qadamim dadillashdi, maqsadim oydinlashdi.

Hammasi shundan keyin jadallashib ketdi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yordam soʻrab Yoshlar ishlari agentligiga murojaat qildim. Agentlik koʻmagida tadbirkorlik kursida oʻqidim. Shu yil mart oyida menga Xalq banki 33 million soʻm imtiyozli kredit ajratdi. Bu pulga 4 ta tikuv mashinasi va kerakli anjomlarni xarid qilib, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydim.

Soʻnggi olti oyda oʻzimga oʻxshab ayni damda qiynalib qolgan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 3 nafar qizni ham ish bilan taʼminladim.

Oʻtgan yilning shu kunlari kimdir menga “Kelgusi yili katta natijalarni qoʻlga kiritasan”, desa ishonmasdim. Hozir oyiga oʻrtacha 5­6 million soʻm daromad topaman. Bugun ilgari orzu qilgan hamma narsam bor.

Hilola NAMOZOVA, Buxoro viloyati Vobkent tumani:

— Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarning davlat va jamiyat hayotidagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy jarayonlarda boshqalar qatori teng huquqli ishtirok etishi uchun zarur shart­sharoit mavjud.

Mening ham imkoniyatim cheklangan. Shunga qaramay, tikuvchilik bilan shugʻullanib kelyapman. Faoliyatimni kengaytirish va patdoʻzlikka moʻljallangan tikuvchilik mashinasi olish uchun Yoshlar ishlari agentligining tuman boʻlimiga murojaat qildim. Boʻlim tomonidan 3,5 million soʻm mablagʻ ajratildi. Unga tikuv mashinasi xarid qilib, ayni paytda oilamizga iqtisodiy jihatdan koʻmakl ashish bilan birga, mahallamizdagi tengdoshlarimga kasb­hunar oʻrgatyapman.

Prezidentimiz tomonidan barcha yoshlarga, jumladan, men kabi imkoniyati cheklanganlarga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani koʻksimni gʻururga toʻldirdi. Kelgusida imkoniyati cheklangan yoshlar uchun oʻquv markazi ochishni rejalashtiryapman.

“Yangi oʻzbekiston” muxbiri

Risolat Madiyeva tayyorladi.