O'tgan yili maktabni a'lo baholarga tamomlab, Namangan davlat universitetiga o'qishga hujjatlarini topshirgan Xumora Inomovaga talaba bo'lishi uchun bir necha ball yetmadi. Tengdoshlari kabi oliy o'quv yurtiga kirib, boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lishni qattiq orzu qilganidanmi, qiz biroz tushkunlikka tushdi. Bir tomondan, oilasidagi sharoitni o'ylab, ish topish haqida bosh qotira boshladi. Ammo qo'lida biror hunari yo'qligini o'ylab, hayoli yanada parishon tortdi.
Shunday kunlarning birida u yashaydigan O'zak qishlog'ining aholi bilan tizimli ishlashga mas'ul bir necha kishilari kelib, qizni “Yoshlar daftari” ro'yxatiga kiritib ketdi. Oradan hech qancha o'tmay, yana o'sha insonlar eshik qoqdi. Prezident topshirig'i asosida yoshlar bandligini samarali tashkil etish maqsadida Xumoraga Yangiqo'rg'on tumanidagi “Xadikent kelajak tongi” agrofirmasi hududidan 20 sotix yer ajratib, 1 yil davomida bepul, hech qanday soliq to'lovlarisiz foydalanishga berishlarini aytishdi. Avvaliga, bunga u qadar ishonmagan Xumora keyin kutilmagan yangilikdan quvonib ketdi. U ayniqsa, endi o'zi mehnat qilib, ro'zg'or tebratishda ota-onasiga ko'maklashishidan xursand edi.
Qiz u yerda kartoshka yetishtirishni rejalashtirgan. Yosh bo'lsada, dehqonchilikdan xabari bor. Hovlisidagi 8 sotixli tomorqasida oilaviy kartoshka yetishtirishadi. Ota-onasi anchadan buyon ishsiz bo'lgani bois, onasi “Ayollar daftari” ro'yxatida turadi. Shu bois, oilaning asosiy tirikchiligi, daromad manbai shu tomorqadan.
— Mahalladan bizning oilaviy sharoitimizni tushunib, yosh bo'lishimga qaramasdan, o'zlari kelib, ishlashim uchun yer ajratishganidan juda quvondim, — dedi namanganlik qahramonimiz. — Onam bilan kelishgan holda bu yerda kartoshka ekishni o'ylayapmiz. Bundan tashqari, uyimizda chorvachilikni yo'lga qo'yish maqsadimiz ham bor. Kredit olish uchun murojaat qilganimda, avval, bepul o'quv kursini tamomlab, sertifikat olishimni aytishdi. Yangiqo'rg'on tumanidagi 1-sonli o'quv markazida 9 kun o'qib, bu borada boshlang'ich bilim va zarur tavsiyalarni oldim. Hozirda 33 million so'm pul krediti olish uchun bankka hujjatlarimni topshirganman.
Shu yilning 18-fevral kuni Prezidentimizning Yangiko'rg'on tumani Iskovot qishlog'iga tashrifi chog'ida Xumora davlatimiz rahbari bilan ko'rishganida o'z orzulari, oliy o'quv yurtiga kira olmagan bo'lsada, bu boradagi maqsadi qat'iy ekanini bildirdi. Shunda Prezidentimiz Xumora kelasi yili albatta, oliy ta'lim muassasasida tahsil olishini aytib, “o'zingizni o'qishga kirdim, deb hisoblayvering” deganlarida qizning quvonchdan boshi osmonga etdi. U bugun o'ziga bildirilgan ulkan ishonchni oqlash maqsadida tinimsiz intilib, o'qib-izlanmoqda.
Universitetga o'qishga kirgunga qadar daladagi ishlarni yo'lga qo'yib, oilaga qo'shimcha daromad olib kirishni maqsad qilgan Xumora kelgusida boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lmoqchi. Dehqonchilikda ko'zlagan marralari ham bu orzusidan kam emas.
Yerlar tayyor, ekin ekilsa bo'lgani!
Ana shunday tirishqoq yoshlar kelajagimiz ekani haqida avval ham ko'p gapirardik. Turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan yigit-qizlarni e'tirof etardik. Ahyon-ahyonda yutuqlar ortidagi mashaqqatlarni yodga olardik. Ammo shu vaqtga qadar yoshlarning ichiga kirib, ularning muammolari mahallabay tarzda, uyma-uy yurgan holda o'rganilmagan. Nafaqat iqtidorli, balki imkoniyati cheklangan, kambag'al oilalar farzandlarini qo'llab-quvvatlash, ish bilan band qilish, tadbirkorlikka yo'naltirish, buning uchun kredit, subsidiyalar ajratish bo'yicha bugungidek izchil tizim yo'lga qo'yilmagandi. Natijada yuzlab, minglab yigit-qizlarimiz ish izlab chet davlatlarga ketdi, o'z aravasini o'zi tortishga majbur bo'ldi.
Bugun xorijda og'ir sharoitlarda ishlayotgan yoshlar ham yurtimizga qaytyapti. Kasb-hunarga o'qitilib, sohalarga yo'naltirilyapti. O'z qishlog'imda yashab, dehqonchilik qilaman, degan yigit-qizlarga hududlar imkoniyatidan kelib chiqqan holda 1 gektargacha yer maydonlari ajratilyapti. Avvallari birovning yerida ishlab, oylik maoshiga kun ko'rgan bu yoshlar bugun o'z yerida yanada ko'proq g'ayrat, shijoat bilan mehnat qilishga tayyor. Oladigan daromadi hisobidan faoliyatini yanada kengaytirish, boshqa tengdoshlari, mahalladagi kam ta'minlangan insonlarni ham ish bilan ta'minlashni maqsad qilyapti.
2021-yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida “Yoshlar bandligini ta'minlash va bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari” muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida berilgan topshiriqlar asosida Namangan viloyatida joriy yilda yoshlarga 16 678 gektar yer maydonlarini ajratish belgilangan bo'lib, 5-fevraldan bu ishlarni amalga oshirish boshlandi. Shu kunga qadar 20 453 nafar yoshlarga 4 109 gektar yer maydoni berilib, 40 907 ta ish o'rinlari yaratildi.
Yer berish ro'yxatidan asosan tumanlar hokimliklarining yoshlar siyosati masalalari bo'yicha o'rinbosarlari hamda mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlari tomonidan shakllantirilgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik qilish istagini bildirgan, yerga ehtiyoji bor yigit-qizlar o'rin olgan. Ularga suv ta'minoti yaxshi, unumdorligi yuqori va talabgorning yashash xonadoniga yaqin bo'lgan sug'oriladigan yerlardan ajratilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Dehqonchilik bilan shug'ullanish bir qaragandagina oson tuyuladi. Jarayonga kirib borgan inson uning mehnatidan tashqari, agrotadbirlarni to'g'ri olib borish, ekin ekish yo'l-yo'rig'ini bilish bilan bog'liq murakkabliklarga bevosita guvoh bo'ladi. Bu ishning har qancha hadisini olgan kishi ham qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy.
Bu borada ham yoshlarga tirgak bo'lish ko'zda tutilgan. Barcha tumanlarda alohida ishchi guruhlar shakllantirilib, dehqonchilikni olib borish, daromadlarini oshirishda qanday omillarga e'tibor qaratish lozimligi yuzasidan doimiy maslaxatlar berib borilyapti. Bundan tashqari, barcha hududlarda ekinlarni ekishga yer tayyorlash, ekish va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish bo'yicha ko'rgazmali seminarlar tashkil etilmoqda.
Yerlardan unumli foydalanish, yilda ikki marta hosil olish maqsadida ertaki sabzavot, kartoshka va dukkakli eksportbop ekinlarni ekish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqilgani ham yoshlarga dastlabki ishni boshlab olishlarida ko'mak bo'lyapti. Kichik kooperatsiyalarga biriktiriladigan yoshlarni esa talab etiladigan urug'lik, yoqilg'i, texnikalar bilan ta'minlash, ekinlar zararkunandalariga qarshi markazlashgan xolda kurashishni tashkil etish, yetishtirilgan maxsulotlarini sotib olish ishlarini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar belgilangan. Ana shunday imkoniyatlar natijasida viloyatda yer olish istagidagi yoshlar orasida qizlar soni ham kun sayin ortib bormoqda. Ayni paytda viloyat tumanlaridan yer olgan 20 mingdan ortiq yoshlarning 6 810 nafarini xotin-qizlar tashkil etayotgani so'zimizning isbotidir.
Tadbirkorlar yoshlarga tirgak bo'lmoqda
Yoshlarga yer berish ishlari Qashqadaryo viloyatida ham faollik bilan amalga oshirilmoqda. 2018-yildan buyon “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar yurtboshimizning joriy yildagi topshiriqlari asosida yanada jadallashdi. Yil boshidan buyon yoshlarning talabi va hudud joylashuvidan kelib chiqib ishsiz yigit-qizlarga 30 sotixdan 1 gektargacha lalmi va sug'oriladigan yerlar ajratilyapti. Bugungi kunga qadar viloyatda yer olgan yoshlar 7 459 nafarni tashkil etib, shundan 5 498 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar hisoblanadi. Ularga jami 3 046 gektar yer maydonlari ajratildi.
— Sir emaski, mamlakatimizda so'nggi yillarda yoshlar muammolarini o'rganish, ularni hal etish borasida “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturi” joriy etilib, ular bilan ishlashning mutlaqo yangicha tizimi yo'lga qo'yildi, — dedi Yoshlar ishlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdushukur Yangiyev. — Avval yosh yigit-qizlarga bu qadar ulkan imkoniyatlar berilmagan. Bugun esa barchamizning ko'z o'ngimizda ularga katta-katta yer maydonlari ishonib topshirilyapti. Yerlar yigit-qizlarning istagi asosida kooperatsiya usulida ham, sharnoma qilish usulida ham ajratilyapti. Bahor mavsumida bu yerlarga to'qsonbosti va poliz ekinlari ekilsa, takoriy ekin sifatida asosan dukkakli ekinlarni yetishtirish tavsiya qilingan. Yoshlar astoyidil mehnat qilib, berilgan tavsiyalarni to'g'ri olib borsa, albatta, yaxshigina daromadga ega bo'ladi. Biz jarayonlarni tashkil etishda ularga ko'maklashishga, zarur maslahatlarni berishga doim tayyormiz.
Quvonarlisi, viloyat va tuman hokimliklari hamda sektor rahbarlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj va “Yoshlar daftari” ro'yixatiga olingan yigit-qizlarga urug'lar va agrotexnika xizmatlarini ko'rsatishda beminnat amaliy yordamlar ko'rsatilmoqda. Xususan, Paxtakor MFY hududidan sektor rahbari Olim Tojiyev tomonidan yoshlari uchun 10 gektar yer maydoni ajratilib, “Durdona” navli mosh ekib berildi. Yerning agrotexnik tadbirlari ham amalga oshirilib, yigit-qizlarga ekin ekishga tayyor holda topshirildi. Ana shu yer maydonida ish boshlaganlar orasida hududdagi 13-maktab bitiruvchisi Durdonaxon ham bor. Bolaligidan dehqonchilikka qiziqqan bu qiz istagini ro'yobga chiqarib, unga imkoniyat berganlari uchun mas'ullardan juda minnatdor. Quvonganidanmi, ish jarayonlariga qizg'in kirishib ketdi. Hatto, traktor haydashni ham qoyillatyapti.
“Yoshlar daftari” ro'yxatiga kirganlar orasida Mirishkor tumanida yashovchi 28 yoshli Mirabbos Ibrohimov ham bor. U chetda ishlash fikridan qaytib, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga qaror qildi. O'ziga ajratib berilgan 25 sotix yer maydonida 500 tup qovoq ko'chatlarini o'tkazdi. Hosil yetilgach, 15 million so'm daromad olishni ko'zlagan Mirabbos takroriy ekin sifatida pomidor yetishtirmoqchi. Ana shu tumandagi 23 yoshli Hasan Shodmonov esa 50 sotix yerda o'tkazayotgan pomidor ko'chatlaridan 2 oy ichida 30 million so'm sof daromad olishni ko'zlagan.
3 million 334 ming aholiga ega Qashqadaryo viloyatining 590 838 nafar 18-30 yoshgacha bo'lgan yoshlarining aksariyati ana shunday kuch-g'ayratga to'lgan. Ammo taqdir taqazosi bilan ishsiz bo'lgan 59 593 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Asta-sekin ularning bandligi ta'minlanmoqda. Xususan, joriy yilning shu davriga qadar ish bilan band qilingan 26 289 nafar yoshlarning 12 755 nafari “Yoshlar daftari”dagi fuqarolardir.
Bugun yurtimizda joriy etilgan “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” kabi ro'yxatlar borligining o'ziyoq odamlarga umid, yaxshi turmush tarziga ishonch uyg'otmoqda. Xitoy tajribasi asosida qo'llanilayotgan yangicha tizim mamlakatimizda hech bir inson e'tibordan chetda emasligi, barcha fuqarolarning yaxshi yashashi, ish bilan ta'minlanishi uchun sharoitlar yaratilayotganidan dalolatdir. Zero, bugungi islohotlar tufayli eng chekka qishloqlarda ham rahbarlar har bir xonadonga kirib, odamlarning, ayniqsa, yoshlarning ahvolini so'raydigan, muammolariga yechim topishga harakat qilayotgani quvonarlidir.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri