Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da “Yoshlar bandligi – bugungi kun talabi” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimligi, “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat Bandlik boshqarmasi kabi bir qator tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Navoiy kasb-hunarga oʻqitish markazi tomonidan payvandchilik kasbiga qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitilgan Navoiy shahri va Karmana tumani hududidagi 50 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yosh payvandchilar bilan tegishli tartibda shartnoma tuzilib, ular “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatish ishlariga jalb qilindi.
Tadbirda oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga davlat namunasidagi sertifikatlar va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan zarur mehnat qurollari (payvandlash uskunasi) topshirildi, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati.