Yoshlar mamlakatning bebaho boyligi, jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi sanaladi. Shu bois, yurtimizda yangi O'zbekistonni barpo etishdek ulug' maqsadga erishish yo'lida yigit-qizlarimizga barcha sohalarda o'z iqtidori va salohiyatini to'liq namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.
Umumiy o'rta va oliy ta'lim muassasalarini tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan yigit-qizlarni munosib ish va daromad manbai bilan ta'minlash, ularga zamonaviy kasb-hunarlar, IT-texnologiyalarni o'rgatish, tadbirkorlikka keng jalb etish orqali bandligini ta'minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Joriy yilning o'tgan davrida “Yoshlar daftari” hamda “Yoshlar dasturlari” asosida 430 ming nafar yigit qizning hayotiy muammolarini hal etish uchun 300 milliard so'm mablag' yo'naltirilgani, 92 ming nafardan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2,3 trillion so'm imtiyozli kreditlar, qishloq joylarda yashayotgan 230 mingdan ortiq yoshlarga dehqonchilik bilan shug'ullanishi uchun 61 ming gektar yer maydoni ajratilgani bu boradagi ishlarning ko'lami tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni joriy yilgi Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini so'zsiz ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Unga muvofiq, 2021-yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo'lgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan 500 ming so'm miqdorida bir martalik moddiy yordam ko'rsatilishi, Mahalliy hokimlar, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo'linmalari rahbarlari esa “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo'lgan farzandlari sonidan kelib chiqib, to'lov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlari orqali ularga moddiy yordam pullarining o'z vaqtida va manzilli etkazilishini ta'minlashi belgilandi.
Shuningdek, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan farzandlariga 2021-2022-o'quv yilida birinchi o'quv yili uchun to'lov-kontraktning to'liq summasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplab berilishi ham farmonda o'z aksini topgan muhim yangiliklardan biridir. Bu borada “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o'z xonadonida qo'shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so'mgacha garovsiz kredit ajratilishi ko'plab oilalarning dilidagi gap bo'ldi.
Farmonda yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlang'ich badal va foiz to'lovlari bo'yicha qo'shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratilishi belgilangani ham ming-minglab fuqarolarimizni yangi marralar sari ruhlantirdi.
Ayniqsa, joriy yil 1-sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy ta'lim muassasalarida to'lov-kontrakt asosida o'qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o'qish muddati tugagandan keyin ettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta'lim kreditlari berilishi ham tom ma'noda muhim voqelik bo'ldi.
Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko'rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro'yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qo'shimcha ustamalar to'lab borish tartibi joriy etilishi ham yosh iqtidor egalari uchun albatta, katta rag'bat bo'ldi.
Farmonda o'z aksini topgan yana bir yangilik — 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi, 2022-yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etilishidir. Sababi Yoshlar biznes maktabi endilikda mamlakatimiz va chet elning yetakchi tadbirkor va biznes yurituvchilarini jalb etgan holda, yoshlarga tadbirkorlik faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishish, tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarni biznes va tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitish, ularda zamonaviy biznes yuritish ko'nikmalarini shakllantirish, motivatsion biznes-seminarlar va treninglar tashkil etish bilan shug'ullanadi.
Joriy yil 1-oktyabrdan boshlab esa yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap g'oyalari tanlovlarini tashkil etish hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g'olibga grantlar berish amaliyoti joriy etiladi. Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha grant mablag'lari berilib, ular 2022-2023-yillarda Davlat byudjetidan 100 milliard so'm miqdorida qo'shimcha ajratiladigan mablag'lar doirasida amalga oshiriladi.
Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, O'zbekistonning asosiy tayanchimiz bo'lgan azmu shijoatli yoshlarga e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatishga qaratilgan sa'y-harakatlari yoshlarmizning manfaatlari ta'minlanishiga zamin yaratadi. Zero, davlatimiz rahbarining ushbu farmoni tom ma'noda tarixiy hujjat bo'lib, Prezidentimiz tomonidan O'zbekiston yoshlari va talabalari forumida ilgari surilgan yangi tashabbus va g'oyalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati