“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili davomida Xalq taʼlimi tizimida koʻplab ishlarni amalga oshirish maqsad qilingan. Aynan yurtboshimizning har bir bolani 7-sinfligidan kasb-hunarga yoʻnaltirishimiz, ustoz-shogird anʼanalarini yana-da chuquroq oʻrganishimiz va yoʻlga quyishimiz borasida aniq belgilab bergan strategiyalari asosida yoshlar yetakchilarining oldiga katta vazifalar belgilangan. Aynan maktabdagi oʻquvchilarning qiziqish va xohish-istaklarini aniqlashda yoshlar yetakchilari muhim vositachi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Oʻquvchilarni oʻz vaqtida kasb-hunarga toʻgʻri yoʻnaltirish birinchidan ularning boʻsh vaqtini mazmunli va qiziqarli oʻtkazilishiga, bekorchi ishlarga aralashmasligiga xizmat qilsa, ikkinchidan esa keyinchalik oʻzi va oila aʼzolarining moddiy ehtiyojlarini qondirishga zamin yaratadi. Buning uchun esa yoshlar yetakchilaridan koʻproq oʻquvchilar bilan suhbatlashish, ular orasida har oyda soʻrovnomalar oʻtkazish, oʻz hududlaridagi korxona, tashkilot, tadbirkorlik faoliyatlariga qiziqishiga qarab hamkor tashkilotlar yordamida biriktirish talab qilinadi.

Oʻquvchi-yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish uchun eng avvalo maktab liderlari maqsadni toʻgʻri belgilab olishlari lozim. Ustoz-shogird anʼanalari orqali biriktirilgan oʻquvchini faoliyati, uning oʻzlashtirishi, qiziqishi va intilishi doim nazoratda boʻlsagina tanlangan yoʻl samara berishi mumkin. Yosh bolalarning koʻpchiligidan shunchaki katta boʻlsang “Kim boʻlasan?”, deb soʻrasak, “prezident”, “tadbirkor”, “hokim”, “militsiya”, “shifokor” boʻlaman degan soʻzlarni koʻp qaytarishadi. Bu albatta ularning tasavvuridagi kasblar. Yillar utib har bir kasbning vazifalarini aniqlagach, ularning maqsad va istaklari oʻzgaradi.

Ayrimlari ota-ona qistovi bilan oʻzlari xohlamagan kasbni tanlaydi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻquvchining birinchi ovozi tinglanmaganligidan darakdir. Bunday vaziyatlarda yoshlar yetakchilari va maktab psixologlari birgalikda har bir bitiruvchining qiziqishini oʻrganishi va ularni ota-onasiga yetkazishi, oʻquvchining tanlovini hurmat qilishga undashi muhimdir.

Ayrim maktab oʻquvchilarning chorvachilik, tomorqa va hunarmandchilik sohasida erishayotgan yutuqlari tahsinga loyiq. Ular darslarni oʻz vaqtida oʻzlashtirish bilan bir qatorda qoʻshimcha imkoniyatlarga ega boʻlib borishmoqda. 9-11 sinf oʻquvchilarining xorij tillari boʻyicha tengdoshlari va kichik yoshdagi bolalar uchun maktabdan tashqari taʼlim vaqtida ishlayotganliklari har qanday kishining havasini keltiradi. Maktab direktori va yoshlar yetakchilarining oʻquvchiga koʻrsatgan tashkiliy masalalardagi yordamlari yuqoridagi kabi yoshlarning safini kengaytirishda katta rol oʻynaydi. Buning uchun esa oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirishda qoʻrquvni yengishga yordam berish lozim. Tabiiyki, har birimiz yangi ish faoliyatini boshlaganimizda hayajon va sal boʻlsa-da, qoʻrquv bilan jamoaga qoʻshilamiz. Vaqt oʻtib bu kabi hislatlar barham topadi. Oʻquvchini ham biron-bir tashkilot, korxona yoki tadbirkorga yoʻnaltirganimizda toʻgʻri motivatsiyani berish lozim.

Yoshlar liderining aynan shu kabi ishlarda jonbozlik qilishi va oʻquvchilarini tobora toʻgʻri yoʻlga boshlashi nafaqat oʻquvchilar uchun, tashkilotchining oʻzi uchun ham katta kuch va poydevor yaratadi.

Zero aytishadi-ku, “Tarbiya qancha mukammal boʻlsa, xalq shuncha baxtli yashaydi” deb. Demak tanlangan toʻgʻri maqsad va harakat samarasiz qolmaydi.

Kamola Ismoilova,

Xalq taʼlimi vazirligi bosh mutaxassisi