Yoshlar festivali barchani birlashtirdi

    Mamlakatimizda 28 May 2021 2012

    Karmana tumani markazida joylashgan “Yangi avlod” istirohat bogʻida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilgan yoshlar festivali shijoatli va isteʼdodli yoshlarni yagona maqsad sari birlashtirdi.

    Karmana tuman hokimligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur tadbirda tuman yoshlari bilan birgalikda qator idora va tashkilotlar, harbiy qism va muassasalar vakillari ham ishtirok etdi.

    Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbusni yana-da qoʻllab-quvvatlash, isteʼdodli yoshlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad boʻldi.

    Festivalni ochilish marosimida tuman hokimi F.Umarov tuman yoshlarini tabriklab, ularni yoshlikdan puxta bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni oʻrganish, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshishga undadi.

    Tadbirda fan, madaniyat, sport kabi yoʻnalishlarda muvaffaqiyatlarga erishgan yoshlarni, jumladan, muddatidan oldin talaba boʻlish baxtiga erishgan 11-sinf bitiruvchilarini faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

    Quvonarlisi, yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Karmana tuman Madaniyat boʻlimi, tuman Axborot-kutubxona markaziga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan yangi “Damas” avtomobillarining kalitlari topshirildi.

    Festival doirasida tashkil etilgan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari, yosh xonandalar tomonidan tarannum etilgan kuy-qoʻshiqlar barcha ishtirokchilarda yaxshi taassurotlar qoldirdi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.