Yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Markaziy Osiyo yoshlar forumi oʻz ishini boshladi

    Xalqaro hamkorlik 23 Oktabr 2023 1136

    Joriy yil 23-oktyabrpa Toshkent shahrida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusidagi xalqaro forum oʻz ishini boshladi.

    Ushbu xalqaro anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni deb eʼlon qilingan tarixiy sana – 24-oktyabr arafasida oʻtkazilayotganida oʻziga xos ramziy maʼno bor.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro forumni ochar ekan, ushbu jahon anjumanining oʻziga xos xususiyatlari, dolzarbligi va muhimligini koʻrsatadigan quyidagi mezonlarni alohida taʼkidladi:

    birinchidan, Markaziy Osiyo yoshlar forumi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari boʻyicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligini keng nishonlash doirasida boʻlib oʻtyapti;

    ikkinchidan, mazkur Forum aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha birdamlik va hamkorlikni oʻzida ramziy ifodalaydi;

    uchinchidan, Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha Ishchi guruhni tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusini amalga oshirish doirasida oʻtkazilyapti;

    toʻrtinchidan, shakl va mazmun jihatidan oʻziga xos tarzda – onlayn va oflayn shaklda oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanda mintaqamiz mamlakatlarining 500 dan ortiq yoshlari qatnashyapti;

    beshinchidan, Forum maydonida yoshlar bilan oʻtkaziladigan maslahatlashuvlar natijalaridan 2023-yil dekabr oyida Jenevada oʻtadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan “Inson huquqlari – 75” yoshlar deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

    Markaziy Osiyo yoshlar forumi ishtirokchilarini, shuningdek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Folker Tyurk va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi videomurojaat orqali tabrikladi.

    BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi nomidan – YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakili v.b. Jofri Ijumba Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisining Yoshlar masalalari boʻyicha maxsus vakili Memet Jaku hamda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili Muhammad Laval Sulaymon qutladi.

    Soʻzga chiqqanlar Markaziy Osiyo yoshlar forumi uning ishtirokchilari uchun yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini taʼminlash hamda himoya qilish mexanizmlari boʻyicha zaruriy bilimlarga ega boʻlish, oʻzaro tajriba almashish, dolzarb gʻoya va loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun qulay axborot-maʼrifat va amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanishiga ishonch bildirdilar. Bunda xalqaro anjuman ishi davomida siyosatchilar va jamoat arboblari, ilmiy-akademik doiralar namoyandalari va tadbirkorlar, Oʻzbekiston va dunyo yoshlari vakillari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishiga eʼtibor qaratildi.

    Shundan soʻng jahon anjumani oʻz ishini uchta yalpi majlis doirasida davom ettirdi.

    Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari – 800 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashyapti.

    Xalqaro forumning asosiy tashkilotchisi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi. Ushbu nufuzli anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilyapti. Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha yoshlar tashkilotlari xalqaro forumga faol jalb etilgan.

    Forumni tashkil etishda BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma kabi xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi.

    Inson huquqlari boʻyi Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining
    matbuot xizmati.