Unda senatorlar, qo'mita ekspertlari, vazirlik va idoralar mas'ul xodimlari, Yoshlar parlamenti a'zolari hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi. Qo'mita yig'ilishida “Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun ko'rib chiqildi. Ushbu Qonun Prezidentning 2020-yil 30-iyundagi “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Qonun 8 ta moddadan iborat bo'lib, u bilan “Voyaga etmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to'g'risida”gi, “Vasiylik va homiylik to'g'risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi, “Bolalarni ularning sog'lig'iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlarga o'zgartirishlar kiritilishi ko'zda tutilgan.
Jumladan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi qonunga kiritilayotgan o'zgarishga ko'ra Yoshlar ishlari Agentligi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanib, uning bu boradagi vakolatlari qayd qilinmoqda.
Shu bilan birga Agentlik va uning hududiy bo'linmalarining voyaga yetmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari va vazifalari belgilanmoqda.
Qonunning ma'qullanishi yoshlar o'rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, vasiylik va homiylikka berilgan o'g'il-qizlarning huquq hamda erkinliklarini ta'minlash, bolalarni ularning sog'lig'iga zarar etkazuvchi axborotdan himoyalash sohalarida Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Muhokamalar jarayonida senatorlar hamda ekspertlar tomonidan mazkur Qonun yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Muhokama so'nggida qo'mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
matbuot xizmati