Bugun Toshkent shahar hokimiyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shahar hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasining mutasaddilari ishtirokida “Toshkent-2025” yoshlar IV yozgi Osiyo oʻyinlarining tashkiliy masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi Rashid Tolipov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov va boshqalar qatnashdi.

Yigʻilishda vazirlik va MOQ mutasaddilari Toshkentdagi mavjud sport obyektlarining hozirgi holati, ular orasida qaysilari boʻlajak musobaqani qabul qilish imkoniyatiga ega ekanligi, qaysi sport turlari uchun inshootlar qurish lozimligi haqida maʼlumot berishdi. Shuningdek, kun tartibidan musobaqa dasturiga kiritiladigan sport turlari va boshqa tashkiliy masalalar ham oʻrin oldi.

Taʼkidlash joiz, poytaxtimiz bungacha qitʼa va jahon miqyosdagi yirik turnirlarni qabul qilgan boʻlsa-da, katta kompleks musobaqaga ilk marotaba mezbonlik qiladi. Bu esa muhtaram yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, Yangi Oʻzbekistonning hozirgi imkoniyati va salohiyatini jahon hamjamiyatiga namoyish qilish uchun ayni muddao. Uchrashuvda hukumatimiz vakillari musobaqa tashkiliy ishlari boʻyicha barcha masalalarni hal qilishda yordam berishga tayyor ekanliklari va mazkur yirik loyiha davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidlashdi.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo Olimpiya Kengashining 2020-yil 16-17-dekabr kunlari Oʻmon Sultonligida oʻtkazilgan Bosh Assambleyasida Toshkentning 2025-yil boʻlib oʻtadigan yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilishi rasman eʼlon qilingan.