Uchrashuv talaba-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning sifatli ta'lim olishini ta'minlash, turli yot illatlardan asrash hamda milliy va ma'naviy qadriyatlarni mustahkamlash maqsadida o'tkazildi.
Unda oliygoh rahbari mamlakatimizda yoshlarning sifatli ta'lim olishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, xususan, universitetda talabalarning puxta bilim olishi va munosib sharoitlarda yashashi uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil to'xtalib o'tdi. Shuningdek, ularning tarbiyaviy jarayonlardagi faolligi, odob-axloq me'yorlariga rioya etishi, ma'naviy etuk va mas'uliyatli shaxs bo'lib kamol topishi masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
— Bugungi globallashuv sharoitida yoshlar jamiyatda etuk shaxs sifatida munosib o'rin egallashi va raqobatbardosh bo'lishi uchun nafaqat o'z mutaxassisligi bo'yicha chuqur bilimga, balki xorijiy tillarni hamda axborot texnologiyalarini mukammal egallashi, yuksak odob-axloq va mustahkam ma'naviy qadriyatlarga ega bo'lishi zarur, — deya ta'kidladi Andijon davlat universitet rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev.
Uchrashuv davomida talaba-yoshlarning sifatli ta'lim olishini ta'minlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va turli salbiy illatlardan asrash masalalari yuzasidan bildirilgan taklif hamda mulohazalar atroflicha muhokama qilinib, kelgusida ta'lim muassasasi, ota-onalar va keng jamoatchilik hamkorligida profilaktik ishlarni tizimli va samarali yo'lga qo'yish bo'yicha o'zaro kelishuvga erishildi.
Andijon davlat universiteti Matbuot xizmati
Hamkorlik materiali