YOshlar masalasida xotirjam bo'lishga aslo haqqimiz yo'q

    Mahallalarimizda ishsiz yoki o'z yo'lini topa olmayotgan, yurish-turishi, yomon xulqi orqali o'zgalarga muammo keltirayotgan bir nafar yosh bo'lsa ham zimmamizdagi mas'uliyat yukini engil hisoblay olmaymiz.

    Bugungi yoshlarning har tomonlama barkamol va yetuk, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladigan, chinakam vatanparvar insonlar boʻlib yetishishi, albatta, ayni vaqtda ularga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikka bogʻliq.

    Kuni kecha Prezidentimiz rahbarligida yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mazkur masalalarga alohida toʻxtalib oʻtilgani mavzuning naqadar muhim ekanligidan dalolatdir.

    Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi turli aholi qatlamlari bilan bir qatorda yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularning hayotiy qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish borasida ham qator vazifalarni bajarib kelyapti.

    Jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida “Mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari” tashkil etilgan. Ularda malakali mutaxassislar yordamida ishsiz yoshlar turli kasb-hunarlarga oʻqitilmoqda.

    Shuningdek, vazirligimiz tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Davlat test markazi bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinmagan yoshlarning ish bilan bandligini taʼminlashga qaratilgan alohida dasturlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Ular ijrosi doirasida 2 ming 178 nafar ishsiz yosh mahalla guzarlarida kasb-hunarga oʻqitildi. Natijada bu yil 45 ming 524 nafar yigit-qizning bandligi taʼminlandi. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 8 ming 138 nafar yoshning imtiyozli kredit olishida amaliy yordam koʻrsatildi.

    Bugun yoshlarni ish bilan taʼminlash birinchi galdagi hayotiy masala ekanini hammamiz koʻrib, bilib turibmiz. Chunki jamiyatdagi aksar muammolar ishsizlik, pirovardida, daromad manbai yoʻqligi, turmush kechirishdagi qiyinchiliklar bilan bogʻliq. Oʻy-fikri va qoʻli ish bilan band, qilgan ishiga yarasha pul topayotgan odamning xayoliga ortiqcha zararli oʻylaru rejalar kelmaydi, albatta.

    Shu bois ham yigʻilishda davlatimiz rahbari “Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini taʼminlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish. Bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz bu — tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesdir”, deb alohida taʼkidladi.

    Vazirligimiz tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalardagi tarbiyasi ogʻir, jinoyat qilishga moyil yoki oilasidagi oʻzaro turli nizolar natijasida ruhiy holati oʻzgargan yoshlarning bugungi hayotini atroflicha tahlil qilib, ularning toʻgʻri turmush tarziga qaytishi hamda ijtimoiy faolligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

    Mahallalarning yosh oilalar oʻrtasidagi ajralishlar, erta tugʻuruqlar, notinch oilalar farzandlari va ularning ota-onalari bilan ishlash tizimi oʻrganilib, shu asosda har bir hududning muammolaridan kelib chiqib, “yoʻl xarita”lari ishlab chiqildi.

    Soʻnggi yillar bizga aniq koʻrsatib berdiki, muammoni shunchaki aniqlash bilan ish bitmaydi. Shu bois oilalar bilan manzilli ishlash, turli aholi qatlamlari oʻrtasida targʻibot ishlarini keng olib borish bugunning dolzarb masalasiga aylanib bormoqda. Fuqarolar, ayniqsa yoshlarning oilaviy munosabatlardagi koʻnikma va bilimlarini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash”, “Baxtli oila sari”, “Nizoli oilalarga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish”, “Oilaviy tarbiya saboqlari”, “Oilaviy hayotning sharʼiy asoslari”, “Ota-onalar universiteti — ota-onalarga asosiy koʻmakchi” kabi qator uslubiy qoʻllanmalar muntazam ravishda barcha mahallalarga yetkazilmoqda.

    Asrlar osha oʻzbek mahallalarida koʻpni koʻrgan otaxonu onaxonlarning gapiga doimo quloq tutilgan. Ular yurgan koʻchadagi nafaqat yoshlar, balki kattalar ham odob saqlab, kiyinishi, yurish-turishi, gap-soʻziga eʼtiborli boʻlgan. Oʻylaymanki, bugun mana shu qadriyatlarimizdan unumli foydalanish payti keldi. Shu maqsadda nosogʻlom oilaviy muhitni yuzaga keltirayotgan, muntazam huquqbuzarlik sodir etuvchi, farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan 45 ming nafar shaxsning har biriga mahallalardagi piru badavlat, shu hududda oʻz oʻrniga ega nuroniylar biriktirildi.

    Amaliy ishlar natijasida keksalar taklifi asosida 6 ming 488 nafar farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi ota-ona, 3 ming 258 nafar voyaga yetmagan oʻgʻil-qiz profilaktik hisobdan chiqarildi, 15 ming 359 ta oilaning notinchligiga barham berildi.

    Yigʻilishda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Mazkur yoʻnalishda ham vazirligimiz tomonidan muayyan ishlar olib borilyapti. Davlatimiz rahbari ilgari surgan besh tashabbus doirasida 58 ming 615 marotaba sport musobaqalari tashkil etildi. “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Eng yaxshi insho” tanlovlari tashkil etilib, ularga bir milliondan ziyod yoshlar qamrab olindi.

    Shu bilan birga, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha Mudofaa vazirligi bilan hamkorlik tizimi yaratilib, harbiy qismlarda besh mingdan ortiq uchrashuvlar oʻtkazildi. Keksa avlod vakillari ishtirokida 84 mingdan ortiq profilaktik hisobda turgan yoshlar ishtirokida 14 mingdan ziyod tadbir oʻtkazildi. Bundan tashqari, taʼlim muassasalari va mahallalarda nuroniylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”ni oʻtkazish anʼanasi yoʻlga qoʻyildi.

    Biroq bu ishlarimiz dengizdan tomchi, xolos. Yoshlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalalarida tegishli vazirlik va idoralar hamkorligidagi ishlarni yana-da izchil davom ettiramiz. Qoʻlni qoʻlga berib, oilalar totuvligini saqlash, oʻgʻil-qizlarimizning sogʻlom muhitda voyaga yetishi yoʻlida bor imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Chunki globallashuv taʼsirida jahonning mafkuraviy manzarasi soat sayin oʻzgarayotgan bir paytda yoshlar masalasida xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yoʻq. Mahallalarimizda ishsiz yoki oʻz yoʻlini topa olmayotgan, yurish-turishi, yomon xulqi orqali oʻzgalarga muammo keltirayotgan bir nafar yosh borki, biz zimmamizdagi masʼuliyat yukini yengil hisoblay olmaymiz.

    Rahmat MAMATOV,

    mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri,

    Oliy Majlis Senati aʼzosi