Biroq koronavirus pandemiyasi sabab AIBAning navbatdagi onlayn yigʻilishida ijroiya qoʻmita aʼzolarining taklifi hamda Polsha boks federatsiyasi murojaati oqibatida ushbu chempionat 2021-yilga qoldirildi.

— Jahon chempionatining qoldirilganligi Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari uchun kutilmagan hol boʻldi. Sportchilarimiz karantin talablariga rioya qilgan holda uy sharoitida chempionatga jiddiy hozirlik koʻrishayotgandi. Murabbiylarimiz har kuni ikki mahaldan shogirdlari bilan onlayn mashgʻulotlar oʻtkazishayotgandi. Albatta, sportchilarimizning salomatligi biz uchun eng muhim masala. Afsuski, bundan uch oy muqaddam karantin choralari joriy etilgach, Oʻzbekiston boks federatsiyasi murabbiylar kengashi bilan birgalikda har bir sportchi uchun alohida tayyorgarlik rejasini ishlab chiqib, katta maqsadlarni koʻzlagandik. Endi barchasini yana boshqacha tarzda tashkil etishimiz kerak boʻladi, — deydi yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bekzod Xidirov.

Oʻzbekiston boks federatsiya saytida keltirilgan maʼlumotga koʻra, jahon chempionati kelasi yilnng 10-24-aprel kunlari oʻtkaziladigan boʻldi.

Qayd etish lozimki, keyingi yili Polshada oʻtadigan jahon chempionatida 2002-yilning 1-yanvaridan 2003-yilning 31-dekabri oraligʻida tavallud topgan yosh bokschilar ishtirok etishadi.

Toʻlqin ROʻZIYEV.