Yoshlar parlamenti yosh siyosatchilarni kashf etadi

    Fikr 6 Avgust 2020 20500

    Har bir millatning oʻzligini namoyon etishi, bevosita, undagi yoshlarning nechogʻliq iqtidor va isteʼdod egasi ekanligi, ularning aql-zakosi, intiluvchan hamda izlanuvchanligiga qaraladi.

    Chunki barcha sohada yetuk bilimga ega boʻlgan chin maʼnodagi maʼnaviyatli yoshlarning borligi esa yurtimiz tayanchi va ishonchidir. Bugun yoshlarimizdan har jabhada yana-da faol boʻlib, dunyo hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrnini topa olishi, oʻz huquq-erkinliklari, shuningdek, burchlarini toʻlaqonli anglagan holda, demokratik va fuqarolik jamiyatning munosib vakili boʻlishi talab etilmoqda. Bu borada esa yurtimizda ular uchun keng imkoniyat hamda shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi, ayni haqiqatdir.

    Xususan, mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasida ekanligini yana bir bor tasdiq etgan holda, Prezidentimizning 2020-yil
    2-martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etilishi buning yorqin isbotidir.

    Yoshlarning huquqiy ongi va savodxonligini yuksaltirish, ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish va eng muhimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirishda yoshlar faolligini oshirish uning asosiy vazifasidir.

    Shuningdek, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab quvvatlash barobarida ish bilan band boʻlmagan yoshlarning bandligiga koʻmaklashish, huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlar joriy etish, qolaversa, ularning intellektual, maʼnaviy-axloqiy, estetik, badiiy dunyoqarashini kengaytirish kabi bir qator ustuvor maqsad va vazifalar belgilab olingan.

    Buning yorqin namunasi sifatida bugungi kunda Navoiy viloyatida ham jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlgan, shijoatli, gʻayratli, shu bilan birgalikda ayni vaqtda yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosatni butun shuuri bilan teran anglagan 6 nafar yosh deputatlarimiz Yoshlar parlamenti aʼzosi sifatida saylandi. Ular navoiylik yoshlarning vakili sifatida oʻzlarining yoshlar masalalari boʻyicha taklif va gʻoyalarini ilgari surgan holda, oʻz faoliyatlarini tashkil etmoqda.

    – Ayni paytda oʻz faoliyatimni Yoshlar parlamenti bilan bogʻlar ekanman, bu menga katta ishonch va masʼuliyatni yuklaydi. Chunki yoshlarning har qanday maqsad va gʻoyalari, oʻylari hamda fikrlari biz uchun muhim, – deydi Yoshlar parlamenti aʼzosi Bekzod Savurov. – Jamiyat rivojlanib, yurt ravnaq topishida, avvalo, yoshlarning oʻrni beqiyos. Buning uchun esa har bir yosh huquqiy, siyosiy bilim hamda yetuk intellektual salohiyat sohibi boʻlmogʻi lozim. Men navoiylik yoshlar vakili sifatida viloyatimizning faol yoshlari bilan bir qatorda, eng olis hududlaridagi yoshlar muammolarini oʻrganish, ularni hal qilishning zarur choralarini koʻrish borasida bor kuch-gʻayratim bilan harakat qilishni oʻz oldimga maqsad qildim.

    Darhaqiqat, har bir yosh – bir kelajak! Ularning bugungi erishgan natijalari kelgusi baxtli kunlarning debochasi boʻlishi tayin. Taʼkidlash joizki, Yoshlar parlamenti yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bir qatorda, ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirishda vakillik organlari bilan hamkorlik qilish, qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish kabi jarayonlarda ham qoʻllab-quvvatlamogʻi lozim.

    Taʼkidlash joizki, Yoshlar parlamenti aʼzolari siyosiy va huquqiy sohada egallagan bilim hamda koʻnikmalari, hayotiy pozitsiyalarini aniq belgilab,parlamentimizning kelajakdagi chinakam vorisiga aylanishi, shubhasiz. Ularning teran fikrlashi, har sohaga boʻlgan mustaqil qarashlari, qonun va qarorlarning tub mohiyatini anglagan holda, ular asosida faoliyatlarini olib borishi kelgusida vatanparvar arboblar, siyosatchilar, deputatlar boʻlib yetishishida asosiy poydevor boʻlib shakllansa, ajab emas.

    Zero, bugunning yoshlari nafaqat Oʻzbekiston balki dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrnini topishi, xalqaro hamkorliklarda yurtimiz rivoji uchun beminnat hissasini qoʻsha oladigan ilm egalari boʻlmogʻi lozim. Chunki biz maʼnaviyati, madaniyati yuksak boʻlgan ajdodlar avlodi ekanmiz, biz bilan doimo xalqimiz faxr va iftixor tuygʻularini his etmogʻi joizdir.

    J.Xodjayev,

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Oliy Majlis Senati aʼzosi.